Jizzax shahrida aholi chiqindilarini yig‘ib ketishga mo‘ljallangan maxsus mashinaning gaz balloni shahar ko‘chalaridan birida harakatlanib ketayotganda portlab ketgan. Oqibatda uning yaqinida bo‘lgan ikki nafar shaxs jarohat olgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, bugun, 13 aprel kuni ertalab soat 7:40lar atrofida Jizzax shahar Mustaqillik ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan «Toza hudud» davlat unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan chiqindi yig‘uvchi maxsus mashinaning gaz balloni portlab ketgan.
Oqibatda shu atrofda bo‘lgan «Cobalt», «Nexia» va «Spark» mashinalariga jiddiy zarar yetgan. Bundan tashqari, maxsus mashina yaqinida turgan va piyodalar yo‘lakchasidan ko‘chani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan ikki nafar shaxs og‘ir tan jarohatlari olgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan.