Bosh prokuratura: Andrey Kubatinga nisbatan tergov vaqtida jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilgani tasdiqlanmadi

Jamiyat 13:31 / 13.04.2021 3756

Shikoyat arizasida dastlabki tergov davomida A.Kubatinga DXX xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilishi natijasida u o‘zi sodir qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgani, o‘zi sodir etmagan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani va ukasiga nisbatan tergov jarayonida ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazgan DXX xodimlari harakatlariga qonuniy baho berish so‘ralgan edi.

Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, mazkur murojaat yuzasidan 2021 yil 9 fevral kuni DXX tergov boshqarmasi tomonidan ushbu tergovda qatnashgan DXX xodimlari harakatlari qonuniyligi o‘rganib chiqilgan va jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan. Shuningdek, ish Harbiy prokuratura tomonidan ham nazorat tartibida o‘rganilib, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qarorni bekor qilish uchun asoslar topilmagan.

«Murojaat yuzasidan 2021 yil 9 fevral kuni DXX tergov boshqarmasi tomonidan ushbu tergov harakatlarida qatnashgan DXX xodimlari harakatlari qonuniyligini har tomonlama o‘rganib chiqish maqsadida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Ish materiallaridan ma'lum bo‘lishicha, A.Kubatin 2017 yilning 10 aprelidan 2017 yil 14 sentyabrga qadar tergov hibsxonasida saqlangan.

Hibsxonaga joylashtirish va chiqib ketayotgan vaqtida uning badanida jismoniy jarohatlar kuzatilmagan, u sog‘lig‘i bo‘yicha hech qanday shikoyat bilan murojaat qilmagan va uning sog‘lig‘i, ruhiy holati mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu jinoyat ishi qonun doirasida o‘tkazilgani hamda fuqaroga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmagani aniqlanib, natijasiga ko‘ra jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Marhum A.Kubatinga nisbatan to‘plangan tergovga qadar tekshiruv materiallari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qarorni bekor qilish uchun asoslar topilmadi», – deyiladi rasmiy bayonotda.

Shuningdek, joriy yil 28 yanvar kuni marhumning opasi Andrey Kubatinning o‘limiga shifokorlar aybdor ekani va ularning harakatlariga baho berilishi kerakligi haqida murojaat qoldirgan edi.

Holat yuzasidan Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, komission sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasida bemor A.Kubatinga nisbatan tashxis to‘g‘ri qo‘yilgani ko‘rsatilgan va Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan 2021 yil 28 fevral kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Andrey Kubatin vafotiga qadar (2019 yil dekabrdan buyon) O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib kelgan.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan yosh olim 2017 yili Jinoyat kodeksining 157-moddasi («Davlatga xoinlik qilish»)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanib hibsga olingandi. O‘sha yili Kubatinga nisbatan 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

2019 yil 26 sentyabr kuni Toshkent viloyati sudida Kubatinning ishi qayta ko‘rib chiqilgan va olim to‘liq oqlanib, sud zalidan ozod etilgandi

Avvalroq, Klara Saxarovaning nohaq tergov va sud qilinishi natijasida Kubatin va uning oilasiga yetkazilgan ma'naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da'vosi arizasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida ko‘rilib, qanoatlantirishdan rad etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: