Aeroportlar uchun mol-mulk va foyda solig‘iga oid imtiyozlar beriladi

Iqtisodiyot 16:50 / 13.04.2021 5397

Davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya qilinadigan aeroportlar uchun mol-mulk va foyda solig‘i stavkasi kamaytiriladi. Bu 2021 yilning 29 mart kuni prezidentning «Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.

Qarorda quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  1. Aeroportlarda davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya, modernizatsiya, ekspluatatsiya va boshqarish loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan kundan boshlab uch yil muddatga ayrim imtiyozlar taqdim etiladi;
  2. xususiy sheriklar va aeroportlar foyda solig‘ini, shu jumladan, dividend to‘lashda ushlab qolinadigan foyda solig‘ini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to‘laydi;
  3. aeroportlar uchun mol-mulk solig‘ining belgilangan stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Bundan tashqari, xususiy sheriklar, ular tomonidan jalb qilinadigan loyiha tashkilotlari, operatorlar, maslahatchilar, pudratchilar va subpudratchilar:

  • olib kiriladigan maxsus transport vositalari, yo‘l-qurilish texnikasi, mashinalar, mexanizmlar, uskunalar, xomashyo, materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, uzellar, texnologik va loyiha hujjatlari, dasturiy ta'minot, jihozlar, shu jumladan, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan pudrat qurilish tashkilotlarini jihozlashga mo‘ljallangan maxsus yo‘l-qurilish texnikasi va uskunalari uchun bojxona bojidan;
  • olib kiriladigan transport vositalari (yengil avtomobillardan tashqari) va maxsus texnika uchun utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya, modernizatsiya, ekspluatatsiya qilish va boshqarish loyihalari amalga oshiriladigan aeroportlarda xalqaro huquq-me'yorlarga muvofiq xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlar bo‘yicha cheklovlarning o‘rnatilgan tartibda bekor qilinishini ko‘zda tutuvchi «Ochiq osmon» rejimi joriy etilishi ham nazarda tutilgan.

Avvalroq 15 apreldan boshlab O‘zbekiston aeroportlari asosiy yig‘im va tariflarni 27 foizga pasaytirishi va bu O‘zbekiston aeroportlariga muntazam yo‘lovchi reyslarini bajaradigan xorijiy aviakompaniyalar uchun qo‘llanishi ma'lum qilingan edi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi ilk xususiy aviakompaniya 2ta Airbus A320-214 samolyotini ro‘yxatdan o‘tkazishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: