15-17 aprel kunlari Yoshlar sirk san'ati xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi

Jamiyat 11:45 / 13.04.2021 1380

15-17 aprel kunlari O‘zbekistonda ilk marta Yoshlar sirk san'ati xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 12 aprel kuni Milliy matbuot markazida Yoshlar sirk san'ati xalqaro festivalini o‘tkazishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Davlat sirki direktori Rustam Majidov ma'lum qildi.

Davlat sirki direktori Rustam Majidovning ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek sirk san'atini yanada rivojlantirish va «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan har ikki yilda bir marta festival o‘tkazilishi belgilangan.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili doirasida Yoshlar sirk san'ati xalqaro festivali 17 aprel - Xalqaro sirk kuni arafasida boshlanadi. Yurtimizda ilk marta o‘tkazilayotgan mazkur festival xarajatlari budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan va homiylar ko‘magi bilan qoplanadi», dedi u.

Uch kun davom etadigan festivalda Xitoy, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan mehmonlar kelib, o‘zbekistonlik ishtirokchilar bilan birga arenaga tushadi. Rossiya Federatsiyasi va Ukraina jamoalari esa onlayn tarzda namoyishlar o‘tkazadi.

Tsirk direktorining ijod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Xametovning ma'lum qilishicha, festival 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida, uchta nominatsiya bo‘yicha o‘tadi:

  • Ijro mahorati
  • Eng yaxshi sahnalashtirish
  • Ijro murakkabligi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha ikkita oltin, ikkita kumush va uchta bronza medallari topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: