Mahalladagi asli 50 xonadonga mo‘ljallangan transformator ora kunda ishdan chiqadi.
Aholi o‘z kuchi bilan o‘rnatgan qo‘lbola simyog‘ochlarda ming uloq bo‘lib tortilgan elektr simlarni ko‘rasiz.
Andijon tuman hokimligi va hududiy elektr tarmog‘i mutasaddilari zavraqliklarning murojaatlariga «Bu yil dasturga tushirdik» degan bajarilmas va'dalari bilan javob berib kelishmoqda.
Hududga suyultirilgan gaz ballonlarining vaqtida yetib kelishi ham muammo.
Qishda tizza bo‘yi loy, yozda changga botadigan ko‘chalar – yana bir muammo.
O‘tgan yili tuman hokimligi: «O‘z kuchinglar bilan shag‘al yotqizinglar, biz asfalt qilib beramiz» degach, aholi xursand bo‘lib ko‘chalarga shag‘al to‘ktirgan ekan. Ular hali ham asfalt kelishini kutishmoqda.
«Mahallamiz barpo bo‘lganiga 20 yildan oshdi. Lekin mana hozirgacha 200dan ortiq oilaning elektr ta'minoti bo‘yicha muammosi hal bo‘lmayapti. Shu muammoni hal qilish uchun ikki-uch marta tuman va viloyat hokimliklariga, tuman va viloyat elektr tarmoqlari korxonalariga murojaat qildik. Hammasi kelib, va'da berib ketadi, lekin nazorat yo‘q. Qishda ham, yozda ham elektr quvvati oz.
Transformatorimiz o‘ta kuchsiz. Uning quvvati xonadonlarni ta'minlashga yetmaydi. Quvvat kamligidan elektr jihozlar ham ishlamaydi. «Svetlar» sham singari past yonyapti.
Aholining kuchi bilan teraklarni kesib, stolbalar o‘rnatganmiz. O‘zimiz pul yig‘ib, 20 yilcha oldin olgan simlar uloq-uloq bo‘lib, elektr o‘tkazish darajasi yaxshi emas.–
Prezidentimizning hozirgi ishlaridan xursandmiz. Ko‘p ishlar amalga oshyapti. Bizning e'tirozimizni ham hisobga olib, temir-beton stolbalar va kabelli simlar olib kelib, mahallamiz obod mahalla holatiga keltirilishini biz ham orzu qilyapmiz. Lekin shu orzumiz amalga oshmay qolyapti», – deydi mahalla vakili Valijon Haydarov.
Adolatxon Kamolova o‘z uyi tomidagi traves (elektr simi tortish uchun tomga o‘rnatiladigan moslama)dan 20 ta xonadonga xavfli tarzda elektr toki olib o‘tilganidan xavotirda ekanini aytadi. Ayol ko‘p bora elektrchilarga murojaat qilgan, lekin natija bo‘lmabdi.
Elektr o‘ta past quvvat bilan berilishi sabab maktab o‘quvchilari kechki payt dars tayyorlashga qiynaladi. «Yangi zamin» ko‘chasida yashovchi bolalar darsni kunduz kunlari tayyorlashga majbur. Chunki xira elektr chiroqlarida yozish yoki o‘qishning iloji yo‘q.
Aholi vakillari ro‘zg‘or uchun zarur suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish katta muammo ekanidan ham shikoyat qilishdi.
«Gaz ballonlari vaqtida olib kelinmaydi. Qishda ham ancha qiynaldik. O‘tin qimmat.
Suyultirilgan gaz ikki oyda bir keladi. Gazchilar o‘tgan oylarda ballonlarni bitta joyga 20-30tadan ballon to‘plab olib ketayotgan edi. Hozir shu ham yo‘q bo‘ldi. Mahallamizdagi ko‘plab xonadonlarda gaz ballon ham yetishmaydi. Bozorda ballon 400-420 ming so‘m. Gaz idorasidagilar «Ariza yozinglar, beramiz» deyishdi. Lekin natija yo‘q», – deydi Mansurjon Mirzayev.
Mahalla ko‘chalarining holati juda yomon. Zavraq mahallasi oqsoqoli Abdurashid Dadaboyev bilan suhbatlashamiz.
«Rahbarlarga ko‘p bora murojaat qilganmiz. Ko‘rib turibsiz, ko‘chani aholi o‘z kuchi bilan shag‘allab, imkon darajasida foydalanib kelishyapti. Haqiqatan simyog‘ochlarimiz qo‘lbola va eski. Mutasaddilar kelib o‘rganishdi. Yangi yilga va'da qilishgan, bosqichma-bosqich qilib berishyapti. Beton stolbalarni ham qo‘yib beramiz deyishdi. Yangi transformator ham so‘raganmiz. Suyultirilgan gaz ham imkon darajasida kelyapti. Mashina ikki-uch oyda kelib, aylantirib ketyapti. To‘g‘ri, qishda ikki oylab kelmagan kunlar ham bo‘ldi. U paytda iste'mol ham ko‘p bo‘lgan», – deydi A. Dadajonov.
Kamchiliklarni o‘rganayotganimizdan xabar topgan chog‘i, muammoli hududga tuman elektr tarmoqlari muhandisi Elmurod Madumarov yetib keldi.
Mutasaddi ko‘chadagi 160 kilovattli transformatorni 2021 yilda rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha yana bitta transformator o‘rnatish ishlari loyihalashtirilganini bildirdi.
«O‘z ko‘zim bilan «Yangi zamin» ko‘chasi bo‘yicha 2021 yilga rejalashtirilgan loyihani ko‘rdim. Shu yilning o‘zida 930 metr elektr liniyasi, 33 ta beton tayanch va bitta 160 kilovattli transformator qo‘yiladi. O‘tgan yili «stolba» zavodi qurildi. Bu yil ishga tushdi», – deydi muhandis.
Elmurod Madumarovdan ko‘cha va xonadonlardagi elektr liniyalari xavfsizlik talablariga javob bermasligi, xonadon egalari simlarni o‘z uylariga tomma-tom o‘tkazib olishgani bo‘yicha so‘radik. Mutasaddi simlar va simyog‘ochlarni «elektroset» tortmaganini aytib, yaqin oylarda barcha muammolar hal bo‘lishi haqida va'da berdi.
Muhandisning aytishicha, 2021 yilgi dastur bo‘yicha Andijon tumanidagi 16 ta MFYga bittadan transformator ajratilgan. O‘tgan yilgi dasturga kirmagan mahallalar bu yilga surilib qolgan. Tumanda holati bundan-da xarob joylar bor ekan.
Mahalla fuqarolari hudud tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i sektoriga qarashli ekani, ammo sektor rahbari mahalla muammolaridan bexabarligini aytishdi.
Maqolani tayyorlash jarayonida, 8 aprel kuni prezident selektori bo‘lib o‘tdi va unda davlat rahbari o‘ndan ortiq hududiy amaldorlarni ishdan oldi. Qattiq tanqid ostida lavozimidan ozod etilganlar orasida Andijon tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Abdulaziz Karimov ham bor edi.
Xulosa qilib aytsak, mahalla ahli yillar davomida va'dalar eshitaverib, mutasaddi tashkilotlarga ishonmay qo‘ygan. Axir berilgan va'da bajarilishi kerak emasmi?
Mutasaddi tashkilotlardan jo‘yali javob kutib qolamiz.
Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov.