Soliq qo‘mitasi ayrim korxonalarni «shubhali korxonalar» ro‘yxatidan chiqardi

Iqtisodiyot 14:28 / 11.04.2021 13792

Avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi «shubhali korxonalar» bilan kurash boshlagani ma'lum qilingan edi. Bunda DSQ birinchi bosqichda 396ta, ikkinchi bosqichda 129ta va uchinchi bosqichda 53ta shubhali korxonani aniqlagandi.

Ma'lum qilinishicha, dastlabki bosqichlarda shubhali deb topilgan korxonalarning soliq qonunchiligiga rioya etishi bo‘yicha o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasida 4ta korxonada «shubhali» deb topilishiga asos bo‘lgan holatlar to‘liq bartaraf etilgani sababli ular ro‘yxatdan chiqarildi. Shu tariqa shubhali korxonalar soni 574ta bo‘ldi.

Qanday mezonlar DSQning «shubhali korxonalar» ro‘yxatiga kirishga asos bo‘ladi?

– Ta'sischiligida (rahbarligida) ro‘yxatdan o‘tgan ikki va undan ortiq tadbirkorlik sub'yekti qisqa muddat (1 yil) faoliyat yuritgan holda 100,0 mln so‘m va undan ortiq soliq majburiyatini (soliq qarzini) bajarmagan holatlar mavjudligi;

– bir yil davomida uch va undan ortiq hududga yuridik manzilini o‘zgartirishi;

– faoliyat boshlagan davrdan boshlab, qisqa muddatlarda yirik miqdorda tovar aylanmasini amalga oshirib, rasmiy ishlayotgan xodimlar sonini kam ko‘rsatish;

– rasmiylashtirilmagan (kirim qilinmagan) tovarlarni saqlashi, ulardan foydalanishi va realizatsiya qilishi;

– xarid qilingan tovarlar (shu jumladan, import) realizatsiya qilinmasdan, qoldiqda aks ettirilishi va (yoki) tovar qoldig‘i mavjud bo‘lgan holda qo‘shimcha ravishda aynan shu tovarlar xarid qilinishi;

– soliq majburiyatini bajarmagan sub'yektlarni o‘ziga qo‘shib olish natijasida bankrotlik e'lon qilishi;

– soliq to‘lovchi tomonidan qayd etilgan manzil (bozorlar, savdo komplekslari va biznes markazlar bundan mustasno) bir nechta (uch va undan ortiq) soliq majburiyatini bajarmagani natijasida bankrot deb topilgan, shuningdek, soliq to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan boshqa soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘rsatilgan manzil bilan mos kelishi;

– huquqni suiiste'mol qilish, qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun bitimlar tuzish (operatsiyalar amalga oshirish) orqali soliqlarni to‘lamaslik yoki to‘liq to‘lamaslik faktlari aniqlanganda;

– to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summalarni kamaytirish tarzidagi huquqni suiiste'mol qilgan (shubhali) korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan sub'yektlar bilan bir necha marta (ikki va undan ortiq) operatsiyalar amalga oshirilishi.

Demak, korxona «shubhali» deb topilishi uchun yuqoridagi asoslar to‘liq bartaraf etilgan taqdirda korxona shubhalilik ro‘yxatidan chiqariladi (Ro‘yxat hozirda DSQning veb-sahifasiga joylangan). Shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari «shubhali korxonalar» ro‘yxatidan chiqarilgan korxonalar bilan operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Hozirga qadar «shubhali korxonalar» bilan hamkorlik qilgan kontragentlar tomonidan noqonuniy hisobga olingan QQS summasi 1,2 trln so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda.

Avvalroq joriy yilning 1 mayiga qadar, «shubhali» korxonalar kontragentlari asossiz hisobga olingan QQS summasi bo‘yicha ixtiyoriy qayta hisobot topshirgan taqdirda mazkur korxonalar mansabdor shaxslari ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilmasligi ma'lum qilingan edi.

Shuningdek kameral soliq tekshiruvlari natijasida kontragentlar xatolari tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da,  kamchiliklarini tan olgan 567ga yaqin sub'yektga 68 mlrd so‘mlik budjetga to‘lanishi lozim summalarni joriy yil yakuniga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlariga ruxsat berildi.

Ekspert Yuliy Yusupov DSQning obnalchilarga qarshi kurash boshlagani yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, Soliq qo‘mitasi xatti-harakatlarini sog‘lom fikr va qonunni mazax qilish deya baholagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: