Samarqand shahridagi maktabda bir nafar o‘quvchida koronavirus aniqlangan. Shu sababli maktab 14 kunlik karantinga yopilgan. Bu haqda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 7 aprel kuni Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruv chog‘ida shahardagi 35-umumta'lim maktabining bir nafar o‘quvchisida Covid-19 kasalligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining 2021 yil 8 apreldagi 5-sonli qaroriga asosan 35- umumta'lim maktabi 14 kun mobaynida faoliyatini onlayn olib borishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.