«Onamga Spark yutib berishni niyat qilgandim» - yosh kitobxon Muhammadfozil qishlog‘iga qaytib keldi

Jamiyat 17:49 / 10.04.2021 3013

«Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida 10—14 yoshlilar toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Muhammadfozil Ismoilov qishlog‘ida tantanali kutib olindi. Unga prezident sovg‘asi «Spark» avtomobili topshirildi.
O‘zbekiston tumanidagi 50-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Ismoilov Muhammadfozil Dilshodbek o‘g‘li «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida 10—14 yoshlilar toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 10 aprel kuni Muhammadfozil Ismoilov O‘zbekiston tumanidagi Oqmasjid qishlog‘ida tantanali kutib olindi. 

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, u tanlovning bosh sovrini, prezident sovg‘asi — «Spark» avtomobili bilan taqdirlangan. O‘zbekiston tumanidagi 50-maktabda bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda so‘z olgan tuman hokimi Sherzodbek Yo‘ldoshev yosh kitobxon yigitni erishgan muvaffaqiyati bilan samimiy tabriklab, unga hokimlik nomidan 10 000 000 so‘mlik sertifikatni topshirdi.  

Shuningdek, Muhammadfozilning onasi Mukammalxon Muqimovaga 5 000 000 so‘mlik hamda uning ustozi Nilufarxon Halilovaga 5 000 000 so‘mlik sertifikat topshirildi.   
Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Muhammadfozil Ismoilov «Yosh kitobxon» tanlovida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab ishtirok etib kelayotganini bildirib o‘tar ekan, u 2019 yilda mazkur tanlovning viloyat bosqichida 2- o‘rinni, 2020 yilda viloyatda 1- o‘rinni egallab, respublika bosqichida faol ishtirok etganini ta'kidladi. 

«Bilasizmi, «Yosh kitobxon» tanloviga qiziqishim juda yuqori bo‘lgan. Mening birinchi ustozim onam bo‘lganlar. Ular menga shu tanlovda ishtirok etishimni istab, ikki yuzdan ortiq kitob olib bergan. Uyimizda shaxsiy kutubxonam bor. Onam menga kitoblarni hadya qilar chog‘ida, «o‘g‘lim, shu kitoblarni o‘qib, menga «Spark» olib bersang ajab emas», degan edilar. Ularning shu so‘zlari kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishimni yanada oshirgan. Meni ham ota, ham ona bo‘lib tarbiyalayotgan onajonimning orzulari ushalishi uchun kitob o‘qib, onamga avtomobil olib berishni niyat qildim. Niyatim xolis ekan, joriy yilda «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida o‘z tengqurlarim orasida 1-o‘rinni egalladim va oliy sovringa ega chiqdim. Prezidentimiz tomonidan sovg‘a qilingan «Spark» avtomobilini onamga sovg‘a qilishni niyat qilganman», — deya ta'kidlaydi M.Ismoilov.

Biz Muhammadfozilning onasi Mukammalxon Muqimovaga yuzlandik. U biz bilan suhbatda o‘z hayajonlarini yashira olmadi. Quvonch ko‘z yoshlarini artib, quyidagilarni so‘zlab berdi:
«O‘zim o‘qituvchi bo‘lganim uchun o‘g‘lim Muhammadfozilning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi yuqori bo‘lgan. Tanlovning har bir bosqichi hayajonli bo‘ldi. Qiziqarli kechdi. O‘g‘limning yutuqlarini ko‘rib quvondim. Shunday o‘g‘ilning onasi ekanligimdan faxrlanib ketdim. Onalar uchun bundan ortiq baxt bormi, uka?» —deya ko‘z yoshlarini artadi ona. 

Muhammadfozil tanlov ortidan respublikaning barcha hududlaridan do‘stlar orttirganini ta'kidlab, uni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha do‘stlari, ustozlari va yaqinlariga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi. 

Fayzullo Sultonov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: