Kosonsoylik Zilola Abdusamiyeva 21 yoshda. U yoshligidan tikish-bichishga qiziqadi. Zilola kelinlar uchun maxsus ko‘ylaklar tikadi.
«Yoshligimdan chevarlikka qiziqqanman. Qo‘g‘irchoqlarimga har xil kelin ko‘ylaklar tikardim. Hozir Namangan davlat universitetida maktabgacha va boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishining 3-bosqich talabasiman. U yerda sirtqi ta'lim olaman. 1-2-kursda shaharda chevarga shogirdlikka tushganman. Chokim yaxshi bo‘lgani uchun xaridorlarim ko‘p. O‘zlari qidirib kelib «zakaz» berishadi», — deydi Zilola.
Qahramonimiz zargarlik buyumlarini ham yasaydi. Sovg‘alar uchun tasbehlar ham tayyorlaydi.
«Ko‘ylaklardan qolgan qiyqimlardan do‘ppi, tillaqosh tayyorlayman, liboslarga uyg‘un holda taqinchoqlar ham tayyorlab beraman. Keyin bizda tasbehlar ham xaridorgir. Kosonsoyda namozxonlar ko‘p bo‘lgani uchun Ramazon oyida tasbeh ko‘p ketadi. Avvaldan tayyor qilib qo‘yaman va buyurtmaga qarab yakunlab beraman, mijozlar xohishiga qarab ismlar yozib beraman», — deydi u.
Zilola gullar ham yasaydi.
U gul yasashni internetdan o‘rgangan. Unga bu yumushlarda turmush o‘rtog‘i va qaynsinglisi yordamlashadi.
«Bo‘sh o‘tirishni yoqtirmayman, doim yangiliklar izlayman, yangi-yangi narsalar yasashga urinaman. Yasagan gullarim boshida uncha o‘xshamadi. Materiali Rossiyadan keladi, shunga kerakli mahsulotlarni topolmaganmiz. Hozirgi kunda yaxshi yo‘lga qo‘yib olganmiz. O‘zlari kelib uydan olib ketishadi, buyurtma asosida yasab beramiz. Bu ishlarda turmush o‘rtog‘im va qaynonam yordam berishadi, gul yasashga qaynsinglim ko‘maklashib turadi», — deydi Zilola.
«O‘zim ustaman. Kechqurunlari bo‘sh vaqtimda yordamlashib turaman, montajini qilib beraman. «Lampa»larini o‘zimiz qo‘yib beramiz, hamma narsasi o‘zimizdan bo‘ladi. Buyurtmaga qarab o‘zimiz yoritkichlar o‘rnatib beramiz», — deydi Hoshimjon Umarov.
Zilola hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali gul yasashni shogirdlariga o‘rgatyapti. Kelajakda o‘quv kurslari tashkil etish niyatida. Qahramonimiz yasagan gullarga qo‘shni davlatlardan ham buyurtmalar kelib turadi.
«Qirg‘izistondan «zakaz» tushyapti, shu yerga kelib yasanglar deb. Hozircha u yerda ham yasab yetkazib beryapmiz. Kelajakda Tojikiston, Qirg‘iziston va qo‘shni davlatlarga yetkazib berish niyatim bor», — deydi qahramonimiz.
Qahramonimiz hunari orqali tasbeh yasash, kelin ko‘ylaklarni tayyorlash va gullar yasashdan o‘rtacha oyiga 35 mln daromad qiladi.
Zilola va Hoshimxon shartnoma asosida tahsil olmoqda. Shartnoma pullarini shu hunari ortidan to‘lashadi.