Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan «qizil maktab»larga boshqa hududlardan mahoratli o‘qituvchilarni jalb etish tizimini yaratadigan «Yangi O‘zbekiston ustozlari» loyihasi e'lon qilindi. Bunda o‘qituvchi boshqa viloyatga borib ishlasa, 100 foiz ustama, boshqa tumanga borib ishlasa, 50 foiz ustama to‘lanadi. Arizalar joriy yilning 1 iyuniga qadar ustozfondi.uz sayti orqali qabul qilinadi.
Bugun, 9 aprel kuni Xalq ta'limi vazirligi binosida vazirlik rahbariyati ishtirokida «Yangi O‘zbekiston ustozlari» loyihasi yuzasidan tadbir o‘tkazildi. Unda vazir Sherzod Shermatov va boshqa mas'ullar yangi loyiha yuzasidan jurnalistlar, Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari va o‘qituvchilarning savollariga javob berishdi. Tadbirda qatnashgan O‘qituvchilar Assotsiyatsiyasi vakili Ma'mura Yusupova bu haqda batafsil ma'lumot berdi.
«Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi va Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ta'lim sifati past maktablar ro‘yxati shakllantirildi va tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatga o‘tgan o‘quv yilida ta'lim darajasi past bo‘lgan (bitiruvchilari OTMga kirmagan, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilari mavjud bo‘lmagan hamda maktablarning milliy reytingida past natija ko‘rsatgan, davlat akkreditatsiyasidan, attestatsiyadan o‘ta olmagan) 1409 ta maktab kiritildi.
Boshqa hududdagi ta'lim sifati past maktablarga borib ishlashni xohlovchi pedagoglar eng avvalo oliy yoki birinchi malaka toifasiga, kamida bir yillik pedagogik stajga ega bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng talabgor ustozfondi.uz elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tadi va ariza shaklini to‘ldiradi.
Ekspertlar tomonidan elektron ariza qisqa vaqt ichida o‘rganib chiqilib, talabgor ZOOM dasturi orqali suhbatga taklif qilinadi. Suhbat davomida talabgorning faoliyatidagi yutuqlari, psixologik tayyorgarligi baholanadi. Bundan tashqari, o‘qituvchidan yozma (insho) imtihon olinadi. Jami 2 ta: og‘zaki va yozma imtihon bo‘lib o‘tadi. Arizalar joriy yilning 1 iyuniga qadar ustozfondi.uz sayti orqali qabul qilinadi», – deya axborot berdi Yusupova.
Tadbirda ishtirok etgan vazir Sherzod Shermatovning qo‘shimcha qilishicha, «Yangi O‘zbekiston ustozlari» loyihasi bo‘yicha tanlab olingan ustozlar yangi o‘quv yilidan boshlab ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan umumta'lim maktablarida o‘quvchilarga dars berishni boshlaydi. Ularga boshqa viloyatga borib ishlasa, 100 foiz, boshqa tumanga borib ishlasa, 50 foiz ustama belgilangan. O‘qituvchilarning olis hududga ko‘chib borishiga boshlang‘ich 12 mln 250 ming so‘m, har oylik ijara uchun 490 ming so‘m ajratiladi. Loyiha uzoq muddat davom etishi ko‘zda tutilgan. Pedagoglar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan (71) 202-09-09 yoki 1006 qisqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.