Surxondaryo viloyatida fuqarolardan biriga turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish masalasini tezlashtirib bermoqchi bo‘lgan firibgar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qilmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Surxondaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, o‘zini «M.» advokatlik byurosi advokati deb tanishtirgan Sh.J. fuqaro B.dan firibgarlik yo‘li bilan 10 million so‘m olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, Sh.J. fuqaro B.ning ishonchiga kirib, uning turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish masalasini sud tizimida ishlovchi tanishlari orqali tez kunda hal qilib berishni va'da qilib, uni chuv tushirmoqchi bo‘lgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Sh.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.