Emlashdan so‘ng tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilsa ko‘p suyuqlik ichish tavsiya etiladi va oilaviy poliklinikadan tibbiyot xodimiga murojaat etish kerak. Bu toifadagi fuqarolar tibbiyot xodimlari tomonidan nazoratga olinadi.
“Agarda tana harorati davomli ravishda 38 darajagacha ko‘tarilishi kuzatilsa, klinik laborator tekshiruvlar o‘tkazish talab etiladi va uni keltirib chiqarayotgan omilni aniqlash kerak bo‘ladi. Emlashdan so‘ng tana harorati 38 darajadan yuqori bo‘lib ketsa – ko‘proq suyuqlik ichib turish kerak, oilaviy poliklinikadagi shifokor bilan bog‘lanish yoki tez tibbiy yordamni uyga chaqirish kerak. Bunday holatlarda tana haroratining ko‘tarilishiga ta'sir etayotgan omilni aniqlash talab etiladi va shu aniqlangan omilni davolash bo‘yicha tadbirlar olib boriladi”, dedi Sevara Ubaydullayeva.
Shuningdek, shtab a'zosining ma'lum qilishicha, agar fuqaro xorijda koronavirusga qarshi emlangan bo‘lsa, bu ma'lumotnoma O‘zbekistonda ham tan olinadi.
“Chet elda vaksina to‘liq bosqichlarini olib, emlanganlik sertifikati olingan bo‘lsa bu fuqarolar O‘zbekistonda emlanishi shart emas. Bunday hollarda, tibbiyot muassasalari xodimlariga mazkur sertifikat taqdim etiladi va emlanganlar ro‘yxatiga kiritiladi”, dedi shtab a'zosi.
Avvalroq, O‘zbekistonda emlanganlar orasida 71 nafar kishida nojo‘ya ta'sirlar aniqlangani, ammo birorta holat jiddiy emasligi aytilgan edi.