Namangan viloyati Norin tumanilik Mavjuda Xolmirzayeva nafaqada bo‘lsa-da, mehnatdan to‘xtamagan. Qahramonimiz tumanning Cho‘ja qishlog‘ida yashaydi. U shu qishloqdagi maktabda 27 yil o‘quvchilarga ta'lim-tarbiya bergan.
Mavjuda opa chorvachilik, dehqonchilik yumushlarida farzandlariga ko‘maklashadi.
Qahramonimizning so‘zlariga ko‘ra, uyda doimo 10 ga yaqin chorva parvarishlanadi. Biz borganimizda ham Mavjuda opa sigir sog‘ayotganiga guvoh bo‘ldik.
"Hamma narsa o‘zimizda bo‘ladi. Sholi ekamiz. Sigirlarimiz bolalaydi. Ularni sog‘ib, sut, qaymoq va qatig‘ining iste'moldan ortig‘i bozorga olib chiqib sotiladi", – deydi Mavjuda opa.
Qahramonimizning ta'kidlashicha, xonadon egalari el dasturxoniga ertapishar tarvuz, qovun yetishtirib berishar ekan.
"Bizga har yili an'ana bo‘lib qolgan. 15 iyunda tarvuzlarimizning oldi pishib yetiladi. Ko‘chatlarni o‘zimiz issiqxonada parvarishlaymiz.
Mana, Hajga borib keldik, o‘g‘illarni uylantirdik, qizlarni chiqardik, nevara to‘ylar o‘tkazdik. Shularning hammasi qilinayotgan mehnatlar va hosillarning evaziga bo‘ladi. Chiroyli yashayapmiz. Allohga shukr", – deydi opa.