Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev yoshlar TikTok’da yangi ta'limiy loyihani boshlanganini e'lon qildi. U bu haqida Telegram kanalida e'lon qildi.
“Ushbu qiziq loyiha o‘zimiz uchun ham yangi tajriba bo‘ladiganga o‘xshaydi. Aslida, loyihaga mana bu video sabab bo‘ldi. O‘zi repetitorlik bilan shug‘ullanadigan talaba do‘stimiz Tohirmalik yaratgan kontentni ko‘rsangiz, o‘zingiz ham g‘oyani tushunib olasiz.
Tohirmalik matematikadan masalalarni, formulalarni zamonaviy musiqalar bilan bog‘lab, ajoyib yechim va kontent tayyorlay olgan. Uning bu videolari esa TikTok’da 500 mingdan ortiq tomoshabinlar tomonidan ko‘rilgan.
Bu bilan nima demoqchimiz? Ming yomonlab, bloklash kerak, deyilayotgan Tik Tok’da ham foydali kontent yaratsa bo‘ladi. Eng muhimi, bilimga oid kontentlar “uchmaydi”, “TikTok auditoriyasi saviyasiz kontentni ko‘proq rag‘batlantiradi (tezroq mashhur bo‘ladi)”, degan fikrlar asossiz ekanligini ko‘rasiz. Har qanday masalaga kreativ yechim topsa bo‘ladi, hattoki zerikarli test imtihonlariga ham”, - dedi Alisher Sa'dullayev.
Sa'dullayevning qo‘shimcha qilishicha, Yoshlar ishlari agentligi Tohirmalik kabi yoshlarni hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Yangi boshlanayotgan loyiha «TikTok Ta’lim Yulduzlari» — «TikTok EduStars» deb nomlanadi. Tez orada ushbu loyiha uchun grant e'lon qilishga ham qaror qilindi. Zulmatni yomonlash yechim emas. Hamma gap zulmatga yorug‘lik olib kirishda!