Tomda gul yetishtirayotgan buvaydalik yigit: unga yanada ko‘proq yer kerak

Jamiyat 11:11 / 08.04.2021 27626

«Beshterak» mahalla fuqarolar yig‘inidagi gulchi Yo‘ldoshevlar oilasi yerdan unumli foydalanish maqsadida yashash uyining tom qismida ham issiqxona tashkil qilganini eshitib qoldik.

Istagan faslda xonadonga tashrif buyuring, hovlida rang-barang gullar ochilib turganiga guvoh bo‘lasiz.

«Gul yetishtirishning ham o‘ziga yarasha mashaqqati bor», - deydi peshvoz chiqqan xonadon farzandi Mardonbek Muxtorov.

Chunki dekabr oyida urug‘ qadash ishlari boshlanadi. Bir-bir yarim oylarda urug‘lar unib chiqadi. Keyingi ish gul nihollarini maxsus idishlarga qadab chiqish bilan davom etadi. Ikkinchi oyga o‘tib esa gullar ochilishni boshlaydi. Bitta gul uzog‘i bilan uch oyda ochilib, sotuvga tayyor bo‘ladi. Gullarni sotish ishlari esa mart oyidan boshlanib, sentyabr oyigacha davom etadi.

Gul parvarishlashning eng qiyin tarafi — gul urug‘larini undirib olishda ekan. Buning uchun bog‘bondan alohida mehr va e'tibor talab etiladi.

«Urug‘lar chiqib katta bo‘lganidan keyin yordamchi sifatida ishchilar olamiz. 10 nafarcha odamni ishlatib gullarni maxsus idishlarga olamiz. Hozirgi kunda to‘rt odam ishlatyapmiz. Qish faslida 10dan ziyodroq odamlar ishlaydi. Ularni uch oy mavsumiy ish bilan ta'minlaymiz», — deydi M.Muxtorov.

Oila o‘z shaxsiy tomorqasidagi 5 sotix yer maydonida gul yetishtirish uchun issiqxona tashkil etgan. Bu yerda 10 turdagi gullar parvarish qilinadi.

Tabiiy mahsulot esa ichki bozorda juda xaridorgir sanaladi. Oilaning yillik sof daromadi 70-80 mln so‘mni tashkil etadi.

Mardonbek gul parvarishlab ham inson katta yutuqlarga erishishi mumkinligini e'tirof etar ekan, «minib yurgan mashinam ham, mana shu uy-joylarni ham menga shu gullar olib berdi, mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmas ekan», — deya ta'kidlaydi.

«Shukr, birovdan kam joyimiz yo‘q. O‘zimizga to‘q yashab kelyapmiz. Bilasizmi, mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmas ekan. Masalan, ko‘pchilik chetga chiqib ishlab keladi. Odam harakat qilsa shu yerda ham ishlab, yaxshigina daromad topishi mumkin. Boshida biz ham ikki-uch yilgacha qiynalganmiz. Kerak bo‘lsa, ziyon ham ko‘rdik. O‘shanda ham mehnat qilishdan to‘xtamadik. Asta-sekinlik bilan o‘rgandik, gul yetishtirishni yo‘lga qo‘yib oldik», deydi u.

Xonadonda yetishtiriladigan gullarga bo‘lgan talabning ortishi uy egalarini har bir qarich yerdan unumli foydalanishga undaydi. O‘tgan yildan boshlab ular yashash uyining tom qismida ham gul yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.

Mardonbek ikki xonali uyning tomiga issiqxona tashkil qildi. Ko‘pchilikning xayoliga ham kelmaydigan ushbu ishga bugun ko‘pchilik hayrat nigohi bilan boqadi.

«Tomda issiqxona tashkil qilishdan asosiy maqsad — joydan unumli foydalanish. Rejada hovlida qo‘shimcha uy qurish bor edi. Uyni qurish harakati boshlangach, tomga ham beton quyib, shu issiqxonani qurib yubordik. Ko‘rib turganingiz — tomdagi issiqxona, uning osti esa yashash xonadonimiz. Pastga bir tomchi ham suv o‘tmaydi. Bu yerda ham 15 ming gul yetishtiriladi», — deya ta'kidlaydi Mardonbek.

Qishloq sharoitida ko‘pchilik oilalar uy tomlarini yog‘ingarchilikdan himoya qilib, u yerda somon saqlashlari mumkin, ba'zilarda tom omborxona vazifasini bajaradi.

Lekin bu xonadonda omilkorlik bilan tomdagi issiqxonada gul ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Qishda bu yerga 70 ming 80 mingta urug‘ qadaladi, quyoshli kunlar kam bo‘lganligi uchun undan 15 mingga yaqini unib chiqadi.

«Gulning unib-o‘sishida quyoshning foydasi katta. Qishli-qirovli kunlarda agar quyosh chiqsa tomdagi issiqxonaga u 10 soat davomida tushib turadi. Bu biz uchun foydali», — deydi suhbatdoshimiz. 

Ta'kidlanishicha, xonadon kelgusida faoliyatini kengaytirib, manzarali gullar yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ymoqchi. Biroq, buning uchun joy muammosi bor. Xonadon atrofdagi bo‘sh yer maydonlarini ijaraga olib ham gullar parvarish qilmoqda.

Mardonbek Muxtorov Buvayda tumani hokimligiga bu borada ko‘p bora murojaat qilgan. Hokimlik esa suv bormaydigan hududlardan yer tavsiya qilmoqda ekan.

O‘z faoliyatini hech qanday imtiyozli kreditlarsiz boshlagan Mardonbekning kelgusidagi rejalari katta.

Hozirda gul urug‘larini chet eldan katta summalarga sotib olayotgan bog‘bon yigit, kelajakda urug‘ni ham o‘zi yetishtirmoqchi. Buning uchun u mas'ullar yer masalasini ijobiy hal etib berishidan umidvor.

«Agar mas'ullar ekin ekishi mumkin bo‘lgan joylardan yer ajratib bersa, yanada ish o‘rnini ko‘paytirib, gullarimizning sonini va turini ko‘paytirgan bo‘lar edik. Murojaat qildik, biroq o‘xshamadi. Hokimiyat chekka joylardan yer ko‘rsatdi. U yerlar bizga ma'qul kelmadi. U yerlarda hatto o‘t ham o‘smaydi-da. Suv bormaydi, issiqxona qilib bo‘lmaydi. Juda chekka joylar.

Kelgusidagi rejalarimiz katta. Gul urug‘larini ham o‘zimiz yetishtirishni rejalashtirmoqdamiz. Bir yilda chetdan 5-6 ming dollarlik urug‘ sotib olamiz. Shu pullar o‘zimizda qolsa yomonmi? Faqat muammo joyda», - deydi gulchi yigit.

Xalqimizda mehnat qilgan elda aziz, degan naql bor. Mardonbek endigina 26 yoshga to‘lganiga qaramay tinimsiz mehnat va harakat bilan oilasi farovonligiga erishmoqda. Ikki singlisi talaba bo‘lgan. Yigitning orzusi — ota-onasini haj ziyoratiga yuborish.

Oramizda Mardonbek singari tadbirkor va mehnatkash yoshlar ko‘payishini istadik. Viloyat va tumandagi mutasaddilar uning faoliyati yanada quloch yoyishi uchun qonun va vakolatlari doirasida yordam berishar, deb umid qildik.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi Shohuyor Qayumov.

Ko‘proq yangiliklar: