MB raisining birinchi o‘rinbosariga hayfsan berildi, ikki viloyatdagi boshqarmalar rahbarlari ishdan olindi

Iqtisodiyot 18:58 / 08.04.2021 29132

«Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamagan rahbarning kabinetga kirishga haqqi yo‘q. O‘tgan og‘ir yilni o‘tkazishda tadbirkorlarning o‘rni katta bo‘ldi.

O‘tgan yilda kichik biznes sub'yektlariga jami 120 trillion so‘mlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratildi. Shundan, 86 trillion so‘mlik kredit ajratildi, 21 trillion so‘mlik kredit to‘lovi kechiktirildi, 12 trillion so‘mlik subsidiya va soliq imtiyozlari berildi.

Natijada, pandemiyadan zarar ko‘rgan 104 mingdan ortiq korxonalar faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga o‘sdi.

Elektr energiyaning ulgurji iste'moli o‘tgan yil 1-choragiga nisbatan 7 foizga (900 million kilovattga ko‘p), birjadagi savdolar 46 foizga oshgani (15 trillion so‘m) ham, tadbirkorlik ancha faollashganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, joriy yil birinchi choragida 27 mingta yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etildi. Lekin yaxshiroq ishlaganimizda bu ko‘rsatkich 50 ming bo‘lardi», degan davlat rahbari.

Yig‘ilishda Markaziy bank, uning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari faoliyati ham talab darajasida emasligi ta'kidlab o‘tildi.

«Bundan tashqari, Markaziy bank, uning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari faoliyati ham talab darajasida emas.

Shu sababli, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Zohidovga hayfsan beriladi. Agar 2 oy ichida ish uslubida o‘zgarish bo‘lmasa, mahallagacha tushib ishlamasa, tashabbus ko‘rsatmasa, uni ham ishdan olaman», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, Markaziy bankning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi rahbari Rajabov hamda Navoiy viloyati bo‘yicha bosh boshqarma rahbari Saidov ishdan olingan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil avgustidan Markaziy bank raisi o‘rinbosari bo‘lgan Botir Zohidov 2020 yil martida MB raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: