Jizzaxda yuk mashinasi borib urgan «Lacetti» pastlikka quladi. Bir kishi halok bo‘ldi

Jamiyat 18:45 / 08.04.2021 10795

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida uchta mashina ishtirokida ayanchli yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Oqibatda bir kishi vafot etgan, yana ikki kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 6 aprel kuni soat 14:30larda M39 Almati–Toshkent–Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidan o‘tuvchi 996-kilometrida ayanchli yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Navoiy viloyati Navbahor tumanida yashovchi 1977 yilda tug‘ilgan haydovchi o‘z boshqaruvidagi «KMC» yuk mashinasida, biroz oldinda harakatlanayotgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi «Lacetti» mashinasining orqa tomonidan borib urgan. Og‘ir zarba olgan «Lacetti» yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan.

Shundan so‘ng «Lacetti» Toshkent–Termiz yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi  VAZ 2106 mashinasi bilan o‘zaro to‘qnashgan va pastlikka qulagan.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasida bir kishi vafot etgan. 2 nafar fuqaro esa turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Surishtiruvlarda aniqlanishicha, «KMC» rusumli yuk mashinasi haydovchisi og‘ir yuk ortganini inobatga olmagan va pastlikka tushishda e'tiborsizlik qilgan. Tajribasizlik qilib yuk mashinasining uzatmalar qutisini me'yorda ushlab tura olmagan. Keskin to‘xtatishga uringanda tormoz tizimi ishdan chiqqan, so‘ng «Lacetti»ga borib urilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: