Qashqadaryo viloyatida inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan 600 litr yog‘ni sotayotgan shaxslar ushlandi

Jamiyat 19:40 / 07.04.2021 1627

Qarshi shahrida inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan 600 litr paxta yog‘ini sotayotgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda, yakka tartibdagi tadbirkor G‘.K. va I.S.ga tegishli savdo do‘konlarida inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan paxta yog‘i sotilayotgani aniqlangan.

Jumladan, yuqoridagi shaxslarning do‘konida norasmiy ishchi sifatida ishlovchi F.F. va Sh.Ya. «Qarshiyog’ ekstraksiya» AJ yozuvli har bir qadog‘i 4,2 kg bo‘lgan 100 dona yog‘ mahsulotini xaridorga sotgan vaqtida ushlanib, ulardan jami 126 dona qadoqlangan yog‘ mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan paxta yog‘i iste'molchilar hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Ma'lum qilinishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish) va 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ma'lumot uchun, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston bozorlarida kungaboqar moyining narxi sezilarli oshgan. Bugun savdo do‘konlarida uning 1 litri o‘rtacha 19–20 ming so‘mdan sotilmoqda. Faqat Toshkent shahrining ayrim bozorlarida uning 1 litrini 14 ming so‘mdan sotishgan va unda uzun navbatlar yuzaga kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: