O‘zbekistondan Xitoyga quritilgan olxo‘rini eksport qilish bo‘yicha fitosanitariya talablari va nazorati to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, eksportyorlar uchun quyidagi talablar qo‘yilmoqda:
- olxo‘rilar Xitoy tomoni talablariga muvofiq quritilgan, toza, gigiyenik, havo o‘tkazadigan va yangi qadoqlash materiallariga qadoqlangan bo‘lishi;
- har bir qadoqda ingliz yoki xitoy tilida maxsus yozuvi, mahsulot nomi va ishlab chiqarilgan joyi, qayta ishlash va saqlash korxonasining nomi yoki uni ro‘yxatdan o‘tkazish raqami, ingliz tilidagi identifikatsion ma'lumotlar qayd etilgan bo‘lishi;
- O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan quritilgan olxo‘rida Xitoy tomoni uchun xavotirli bo‘lgan zararkunandalar, tuproq va o‘tlar, o‘simlik qoldiqlari, shag‘al, metall, begona jismlar va boshqa aralashmalar bo‘lmasligi;
- mahsulotni yuklashdan oldin o‘zbek tomoni Xitoyga eksport qilinadigan olxo‘rini nazorat va karantindan o‘tkazishi hamda bayonnoma talablariga javob beradigan har bir partiya uchun fitosanitariya sertifikatini berishi;
- Xitoy tomoniga import jarayonida tekshirish uchun fitosanitariya sertifikatining asl namunasi, funigatsiya hamda fitosanitariya sertifikatini beradigan xodimlarning ro‘yxati, ularning imzolari va sertifikat shtampi nusxalarini taqdim etishi;
- ma'lumotlar o‘zgargan hollarda Xitoy tomonini kamida bir oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi;
- mahsulot mamlakatdan chiqarilishidan oldin Xitoyga eksport qilinadigan quritilgan olxo‘ri yukining 2 foizini tekshiruvdan o‘tkazishi kerak.
«Xitoy tomoni uchun xavotirli bo‘lgan zararkunandalar topilsa yoki sifat xavfsizligi talablariga javob bermasa, mahsulotni Xitoyga eksport qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar quritilgan olxo‘ri ro‘yxatga olinmagan ishlab chiqarish, qayta ishlab chiqarish, saqlash korxonalaridan kelganligi aniqlansa, mahsulot Xitoyga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quritilgan olxo‘ridan Xitoy tomoni uchun xavotirli bo‘lgan karantin zararkunandalari aniqlansa, mahsulot partiyalari qaytariladi, yo‘q qilinadi yoki zararsizlantirish uchun qayta ishlovdan o‘tkaziladi», dedi Durdona Ochilova.
Ma'lum qilinishicha, ayni paytda o‘zbek tadbirkorlari 52ta davlatga barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini fitosanitariya sertifikatlari asosida eksport qilish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, 26ta davlatga 99 turdagi mahsulot eksporti uchun ham karantin ruxsatnomalari olingan.
Avvalroq O‘zbekistonda qora olxo‘ri yetishtirish va eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi e'lon qilingandi.
Hujjat bilan qora olxo‘rining yangi navlarini yaratish, ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, qayta ishlash texnologiyalarini takomillashtirish maqsadida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kadrlar malakasini oshirish talablari belgilanayotgani ma'lum qilingan.