O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga Farg‘ona tumani, "Mindonobod" MFY, Yangi asr ko‘chasi 199-uyda yashovchi fuqaro M.F. murojaat qiladi.
Agentligining Farg‘ona viloyati hududiy tuzilmasi axborot xizmati xodimi Axadjon Mo‘ydinovning Kun.uz'ga xabar berishicha, murojaatda fuqaro 2019 yilda “V.A.Q” MChJ tomonidan Farg‘ona shahridagi Oybek ko‘chasida qurilayotgan 16 G-uyning 3-xonadonini 2020 yil mart oyida to‘liq bitkazib berish sharti bilan sotib olish uchun shartnoma imzolaydi va shartnomaga asosan 10000 AQSh dollari va 7 000 000 so‘m miqdorida to‘lovlarni amalga oshirganligini, lekin oradan 1 yil o‘tsada, pudratchi tomonidan mazkur uy bitkazib berilmayotganligini bildiradi.
Shundan so‘ng, fuqaro M.F. MChJdan xonadon uchun to‘langan pullarni qaytarib berishni talab qiladi. Biroq fuqaroning talabi qondirilmaydi.
Fuqaroning ushbu murojaati Agentlikning Farg‘ona viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan o‘rganib chiqiladi va fuqaroning talabi bo‘yicha pudratchi tashkilot tomonidan uy uchun dastlabki to‘langan 10 000 AQSh dollari va 7 000 000 so‘m pullari qaytarib berilgan.