O‘zMU dekan o‘rinbosari talabalardan o‘qishga ro‘molda kelmaslikni talab qilgani uchun uzr so‘radi

Jamiyat 19:42 / 06.04.2021 15178

«Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savolga javob shuki, bu ishlarni bajarishga hech kim meni majbur qilmagan. Biror bir tashkilot yoki [universitet] rahbariyati tomonidan topshiriq bo‘lmagan. Bu o‘zimni yosh kadr sifatida, kasbiy malakam yetishmasligi oqibati deb bilaman. Shuning uchun shu xatolikka yo‘l qo‘ydim.

Alhamdulillah, musulmonman. Aytmoqchimanki, videodan, mo‘min-musulmonlardan olgan sabog‘im shu bo‘ldiki, men xato qildim va buni tan olaman. Buning uchun keng jamoatchilik va barcha dindoshlarimdan ojizona uzrimni so‘rayman», deydi Ravshan Omonov YouTube'dagi Jsultonoff kanaliga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Omonov talabalar bilan o‘tkazgan majlisda yashirin yozib olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Majlisda dekan o‘rinbosari talaba qizlarga universitet hududiga ibodat libosida kelish mumkin emasligi, bunday kiyingan qizlarni darsga kiritgan o‘qituvchilarga ham chora ko‘rilishini bildirgan.

Shuningdek, u talabalarga bu tartib to‘g‘ri kelmasa, universitetdan ketishni taklif qilgan.

Jamoatchilikning keskin noroziliklaridan so‘ng Ravshan Omonov Facebook sahifasida va izohlarda o‘zining shunchaki topshiriq ijrochisi ekanini va ro‘molga qarshi emasligi, buyruqni bajarayotganini yozib chiqdi. Lekin bir qancha vaqtdan so‘ng postini ham, izohini ham o‘chirib tashladi.

eWaQEJk7bHBnw4vRSrsT7CU3OHsFFzuz.jpg (1079×911)

 

Vaziyatga izoh bergan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va O‘zMU rektorati Ravshan Omonovga talabalarning ro‘mol o‘rashini taqiqlash bo‘yicha ular tomonidan hech qanday topshiriq berilmaganini ma'lum qildi.

Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Kamoliddin Mirzaahmedov ishga doir barcha holatlar aniqlangach, O‘zMU jamoatchilik oldida ochiq hisobot berishini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: