«Asrga tatigulik tadbir»: Aholida vaksinatsiyaga ishonchsizlikning sabablari nimada?

O‘zbekiston 11:35 / 06.04.2021 17858

Joriy yilning 29-31 mart kunlari O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar bo‘yicha «Yuksalish» umummilliy harakati o‘tkazgan so‘rovda ovoz berganlarning 44 foizi emlanmoqchi emasligini belgilab javob bosgan.

Fikrimizcha, bu katta raqam. Zero, gap oddiy vaziyat va mahalliy epidemiya haqida emas, dunyoning turli davlatlarida nechanchidir to‘lqini kuzatilayotgan va so‘nggi 15 oyda dunyo bo‘ylab ikki million to‘qqiz yuz ming kishining yostig‘ini quritgan kasallik haqida ketyapti.

Nega bunday bo‘lmoqda degan savolga javob topishga harakat qildik.

1. Odamlar ongidagi stereotip. Vaksinaning xavfsizligi va samaradorligiga shubha bilan qarash azaldan bor. Hozir bu tushunchani o‘zgartirishning ayni vaqti. Avvalo xalqqa vaksinalar tarixi, ularning turlari va yaratilishi hamda ishlab chiqarilishi haqida ma'lumot berish kerak. Bu yo‘lda Kun.uz jamoasi imkon darajasida ma'lumot berishga harakat qilib kelmoqda.

Afsuski, bu yetarli bo‘lmagani ko‘rinib qoldi. Pandemiyani yengish uchun jamoaviy immunitet hosil qilinishi kerakligi va buning uchun ommaviy emlanish muhim ahamiyat kasb etishi haqida televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari hamda boshqa usullar orqali targ‘ibot ishlari kengroq olib borilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. TVda turli ko‘rsatuvlar, tok-shoular yo jonli efirlar uyushtirib, aholiga vaksina haqida ilmiy asosga va ishonchli ma'lumotlarni yetkazish hozir doimgidan ham dolzarbroq. Bu masalada Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Innovatson rivojlanish vazirligi faolroq bo‘lishi talab etiladi.

2. O‘zbekistonga olib kelinayogan vaksinalar haqida yetarli ma'lumot berilmadi. Xususan, Yevropa va dunyoning turli nuqtalarida uning atrofida sodir bo‘lgan noxush hodisalar fonida JSST va GAVI tashkilotlarining COVAX ko‘mak dasturi orqali keltirilgan AstraZeneca vaksinasi haqida deyarli gapirilmadi.

Respondentlarning 34 foizi Rossiyaning «Sputnik V», 8 foizi Xitoy–O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi va atigi 5 foizi O‘zbekistonga olib kelib bo‘lingan AstraZeneca vaksinasi bilan emlanishga ovoz bergani yuqorida aytilganidek, bizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaksinalar alohida targ‘ibot va tashviqot ishlariga muhtoj ekanini ko‘rsatadi.

Rossiya telekanallari va boshqa manbalar orqali juda ko‘p ma'lumot berilgani, ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan «vaksina diplomatiyasi» olib borishga vosita deb baholanayotgan «Sputnik V» vaksinasining targ‘ibotiga qarang. Rossiya hukumati va hukumat qo‘llovidagi OAV «Sputnik V»ni qanchalar maqtab, tashviq qilayotganiga to‘g‘ri ma'noda faqat havas qilsa arziydi.

Umuman olganda, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi targ‘iboti bilan mutasaddilar alohida shug‘ullanishlari kerakdek. Zero, aholini immunizatsiya va vaksinatsiya qilishda asosiy preparat shu bo‘ladiganga o‘xshaydi. Har holda o‘zbekistonlik olimlar hammuallifligida ishlab chiqilgan va mahalliy korxona tomonidan ishlab chiqarilishi kutilayotgan preparat. Ikkinchidan, aholining ziyoli qatlami orasida bu vaksinaga nisbatan biroz skeptik qarash shakllangan. Chunki mas'ullar tomonidan faqatgina 3-faza sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan va JSST tasdiqlagan vaksinagina olib kelinishi haqidagi bayonotlarga zid o‘laroq, 3-faza sinovlari endi boshlangan va JSST hali tasdiqlamagan vaksina xarid qilindi. Bu qaror nechog‘liq to‘g‘ri ekani va vaksinaning samaradorligi haqida tushuntirish berilishi zarur. Nega bu vaksina olib kelindi, uning xavfsizligi va samaradorligi qanaqa, umummilliy emlanishning necha foizi shu preparat bilan amalga oishirilishi ko‘zda tutilmoqda, bizda ishlab chiqarishni bo‘yniga olgan korxona haqida ma'lumot, ishlab chiqaruvchi korxonadan reportaj va kerak bo‘lsa, korxona rahbarlari bilan suhbatlar. Har holda gap odam ichiga tushadigan va katta va'dalar bilan olib kelinayotgan preparat haqida ketyapti.

3. Vaksinatsiya va immunizatsiya katta va muhim umumilliy tadbir. Unda har kim baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shishi shart. Oddiy odamlarni biror narsaga ishontirish yo ko‘ndirishning eng samarali usullaridan biri mashhur va e'tiborli shaxslarning o‘sha narsa haqida gapirishi.

Jahonda yalpi vaksinatsiyani juda muvaffaqiyatli o‘tkazayotgan va jamoaviy immunitetga deyarli erishib bo‘lgan davlatlar tutgan yo‘l tahlil qilinganda vaksina ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ri muzokara olib borish, immunizatsiyani keng targ‘ib qilish va boshqa omillardan tashqari amaldorlarning shaxsan o‘zi vaksina olib xalqqa o‘rnak bo‘lishyapti. Jumladan, vaksinatsiya tadbirini a'lo darajada o‘tkazib, barchaga namuna bo‘layotgan Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari davlatlarida hukumat vakillari vaksina olib, bundan targ‘ibotning kuchli quroli sifatida foydalanishdi. Yaponiyaning Kumamoto shahri hokimi, aniqrog‘i, meri Kazufumi Onishi esa, vaksinatsiya punktiga borib, shart-sharoitlar bilan tanishgan va emlanish jarayonini o‘rgangan hamda bu haqda Tvitterdagi hisobi orqali ma'lum qilgan. Fransiya sog‘liqni vaziri Olive Veran ham koronavirus vaksinasini olganini e'lon qildi. Yon qo‘shnimiz Qirg‘iz Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vaziri Alimqodir Beyshenaliyev ham vaksina olganini e'lon qildi.

Bizda esa, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 2-faza sinovlarida o‘zlarining oila a'zolari ham qatnashayotganini aytganidan boshqa davlat arboblarining emlanish borasida shaxsiy o‘rnagini ko‘rganimiz yo‘q.

O‘zbekistonda vaksinatsiya endi boshlandi. 6 aprel holatiga ko‘ra yurtimizda 35 mingdan oshiq fuqaro emlangan. Bu borada boshqa davlatlarga nisbatan biroz ortda qolyapmiz, masalan, qo‘shni Qozog‘istonda yalpi vaksinatsiya 1 fevralda boshlanib, shu vaqtgacha 110 mingdan ortiq aholi vaksina olgan. Rossiyada esa bu jarayon o‘tgan yilning 15 dekabrida boshlangan va hozirgi kungacha 7 milliondan ortiq odam emlangan.

O‘zbekiston aholisi 35 milliondan ortiq va immunizatsiya jarayoni anchagacha davom etishini hisobga olsak, aholi orasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish, bu borada mutasaddi va soha mutaxassislari bilan suhbatlar, savol-javoblar tashkil etish (kerak bo‘lsa televideniye va Youtube tarmog‘i orqali jonli efirlar uyushtirish), OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tushuntirish ishlarini olib borish lozim va lobud. Ha, emlanish ixtiyoriy bo‘lishi kerak, biroq pandemiyaga barham berish va jamoaviy immunitetga (bunda aholining kamida 70 foizi kasallikka qarshi immunitetga ega bo‘lishi shart!) erishish uchun odamlarga vaksinaning ahamiyati va foydalari tushuntirish, unga qarshi antipatiya va qo‘rquvni yengishga yordam berish va albatta shaxsiy namuna bo‘lish muhim ahamiyat kasb etadi deb o‘ylaymiz.

Shoakmal Isroilov

Ko‘proq yangiliklar: