«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Hisob palatasining 2020 yil uchun bayonoti bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Partiya fraksiyasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga e’tiroz bildirilgan.
«Biz tashqi qarzni taraqqiyot uchun zarurat deb bilamiz. Uning samarasiz ishlatilishi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir», dedi Alisher Qodirov.
Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eksimbankidan jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘ hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi 3 million dona shina ishlab chiqarishi va shinalar «O‘zAvtoMotors»da import o‘rnini qoplashi kerak edi.
«Angren shina zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Sababi doimgidek, sifat talabiga javob bermaydi. O‘z navbatida, so‘nggi ikki yilda «O‘zAvtoMotors» 60 million dollarga yaqin mablag‘ga shina import qilgan», deya ta’kidladi «Milliy tiklanish» partiyasi raisi.
Ma’lumot uchun, Angren shina zavodi 2017 yilda Xitoyning «Poly Technologies» kompaniyasi tomonidan qurilgan, loyihani Xitoy Eksimbanki moliyalashtirgan. 2018 yil iyul oyidan zavodda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan. Zavod 30 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uni qurishdan asosiy maqsad birinchi bosqichda yengil avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchi bosqichda konveyer tasmalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu loyihaning mahalliy tashabbuskori «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.
Shu o‘rinda raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mashina asbob-uskunalari O‘zbekiston importida juda katta ulushni egallaydi. Xususan, birgina joriy yilning yanvar-fevral oylarida mashina va asbob-uskunalar importi 1 milliard 63,5 million dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu raqamlar umumiy importning (3 milliard 25,1 million dollar) uchdan bir qismini tashkil qilgan. Bitta savol tug‘iladi: chorak asrdan beri mashinasozlik tarmog‘i mavjud bo‘lgan mamlakat umumiy importining uchdan bir qismini haligacha shu soha mahsulotlari egallamoqda.
Avvalroq, Senatning xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov Xitoy bilan investitsiya va savdo aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan qiymati 871 million dollarlik 7ta loyiha amalga oshirilishida muammolar borligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Samarqand viloyatida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 177,6 million dollarlik 7ta loyiha istiqbolsiz deb topilgan.
O‘zbekistonning Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov so‘zlariga ko‘ra, yo‘l xaritalariga istiqbolsiz va xom loyihalar kiritilgani, loyihalar sifatiga emas, balki raqamlar ortidan quvish prinsipi asosida ishlab chiqilishi va istiqbolli rejalarning respublika vazirlik va idoralarida uzoq muddatli davrda ko‘rib chiqilishi ularni amalga oshirishda sun’iy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi davlat qarzining 20 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 21,1 milliard dollarni tashkil etdi. Xalqaro davlat moliya tashkilotlari ichida Xitoy Eksimbanki (2 milliard dollar) va Xitoy taraqqiyot banki (2 milliard dollar) respublika tashqi qarzida salmoqli ulushga ega hisoblanadi.