Fransiyada umummilliy lokdaun. Qat'iy choralar bir oy davomida amal qiladi

Jahon 10:46 / 01.04.2021 10147

Avvalroq Fransiyaning 19 departamentida joriy etilgan qat'iy lokdaun endi butun mamlakat bo‘ylab - 96 departamentda ham amal qiladi. Bundan tashqari, mamlakatning butun hududida kechqurun yettidan ertalab oltigacha komendantlik soati amal qilib kelgandi, barlar, restoranlar, muzey, kinoteatr va boshqa jamoatchilik joylari yopilgandi.

Pandemiya davridagi uchinchi umummilliy lokdaun doirasida barcha hududlarda soat 19:00dan komendantlik soati joriy qilinadi. Xodimlar iloji boricha masofadan ishlashga o‘tkaziladi. 5 apreldan boshlab kamida 3 haftaga bolalar bog‘chalari, maktab va kollejlar yopiladi. Oliy ta'lim muassasalari talabalariga haftada faqatgina bir kun o‘qishga borishga ruxsat beriladi. 

3 apreldan boshlanadigan karantin doirasida quyidagi cheklov choralari kiritilmoqda:

  • xodimlar yana masofadan ishlashga qaytadi;
  • eng zarur mahsulotlar sotiladigan do‘konlardan boshqa hammasi yopiladi;
  • bolalar bog‘chalari, maktablar va kollejlar uch haftaga yopiladi. OTMlar talabalari haftada bir marta darsga kelishi mumkin;
  • uzrli sababsiz uydan 10 kilometrdan uzoqroqqa ketish taqiqlanadi. Hududlararo safarlar faqat Pasxa bayramlari davrida mumkin.

Fransiya sog‘liqni saqlash tizimi bemorlarning ulkan oqimiga duch kelmoqda: ayni vaqtda reanimatsiya bo‘limlariga yotqizilgan bemorlar soni 5 ming nafardan oshgan. Bu esa mamlakatda 2020 yil noyabrda kuzatilgan ikkinchi to‘lqin vaqtidagi eng yuqori ko‘rsatkichdan ko‘proqni tashkil qiladi.

Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligining chorshanba kungi ma'lumotiga ko‘ra, bir kunda 59 ming yangi kasallanish holati qayd etilgan, pandemiya davrida virusdan zararlanganlarning jami soni 4,6 milliondan oshib ketgan, 95 ming 495 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan.

Makron qanday choralar haqida gapirdi?
Chorshanba kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri televizion murojaatida Makron mamlakatdagi vaziyat juda nozik ekanini aytgan va aprel hal qiluvchi palla bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.

«Agar hozir harakatimizni qilmasak, vaziyat izdan chiqib ketishi mumkin», degan u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bir tomondan emlash harakatlari va ikkinchi tomondan infeksiya tarqalishini to‘xtatish harakatlari o‘rtasida poyga kechmoqda.

«Vaksinatsiya, vaksinatsiya, vaksinatsiya», deya yozgan tvitterida prezident.

Keyingi haftadan maktablar yopilishi haqida gapirarkan, Makron muhim sohalarda ishlovchi xodimlarning farzandlari mashg‘ulotlarga qatnashda davom etishi mumkinligi haqida qo‘shimcha qilgan.

«Barcha o‘zaro kontaktlarni cheklashi kerak bo‘ladi», degan prezident.

Makron odamlar ehtiyot choralariga amal qilishning samarasini tez orada ko‘rishini ta'kidlab o‘tgan. Karantin choralari may oyidan boshlab yozgacha sekin-asta bekor qilib boriladi.

Makronning ma'lum qilishicha, 16 apreldan boshlab 60 yoshdan 70 yoshgacha, 15 maydan esa 50 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan kishilar emlanadi. Uning ta'kidlashicha, yoz oxirigacha 18 yoshdan katta barcha fransuzlar vaksina olishlari mumkin bo‘ladi. 

Fransiyada Makron e'lon qilgan yangi cheklovlar tanqid qilina boshlandi. Jumladan, «Milliy birlashuv» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen «fransuzlar emlashdagi hayallashi, kibri uchun hali katta haq to‘lashlari»ni aytgan.   

Makron e'lon qilgan choralar endi parlamentda muhokama qilinadi va ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: