Turkiyada dam olish kunlari yana komendantlik soati joriy qilinadi    

Jahon 00:47 / 30.03.2021 4610

Turkiyada koronavirus bilan kasallanish holatlari soni keskin ko‘payib ketgani sababli yana qat'iy karantin choralariga qaytilmoqda. Jumladan, endi “qizil hududlar”da nafaqat yakshanba kunlari, balki shanba kunlari ham komendantlik soati amal qiladi. 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ma'lum qilishicha, koronavirusga chalinish darajasi eng yuqori bo‘lgan “qizil hududlar”ga hozirda 58ta shahar, jumladan, Istanbul, Anqara, Antaliya va Izmir kirdi. Ularda Turkiya aholisining 80 foizga yaqini yashaydi.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, 27 mart kuni mamlakatda 30021ta kasallanish holati qayd etilgan va bu 2020 yil dekabridan beri eng yuqori kunlik ko‘rsatkich hisoblanadi.

“Koronavirusdan o‘limlar soni oshayotgani mavjud xavfsizlik choralarini qayta ko‘rib chiqishimizga majbur qildi. 58ta hudud yana yuqori xavf hududlariga aylandi. Ularda shanba va yakshanba kunlari komendantlik soati kiritiladi. Ish kunlarida soat 21dan 5gacha amal qilayotgan komendantlik soati o‘z kuchida qoladi”, — deb ma'lum qilgan Erdo‘g‘an.  

Bundan tashqari, Ramazon oyida ham ba'zi cheklovlar amal qiladi. “Ramazon oyida saharlik va iftorliklarni o‘tkazishga cheklovlar kiritiladi”, — deb qo‘shimcha qilgan Turkiya rahbari.

Kafe va restoranlar mijozlarni qabul qilmaydi va faqat taomlarni yetkazishga ishlaydi. Ushbu tarmoq xodimlariga cheklovlar amal qilishi vaqtida 1,5 ming lira miqdorida yordam puli beriladi.

Hozirda Turkiya hududi koronavirus tarqalishi darajasiga ko‘ra 4 toifaga bo‘lingan: past (ko‘k), o‘rta (sariq), yuqori (zarg‘aldoq) va o‘ta yuqori (qizil).

Mamlakatda 1 mart kunidan past va o‘rta xavfga ega hududlarda dam olish kunlari komendantlik soati to‘liq bekor qilingandi, yuqori va o‘ta yuqori xavfga ega hududlarda esa faqat yakshanba kuni uydan chiqish taqiqlangandi. Bundan tashqari, “ko‘k”, “sariq” va “zarg‘aldoq” hududlarda 2020 yil noyabrdan beri yopiq qolgan kafe va restoranlar ochilib, ularga soat 7dan 19gacha 50 foizga to‘lgan holda mijozlarni qabul qilishga ruxsat berilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: