Sariosiyodagi mahalla muammolari: mahalla badbo‘y hiddan xalos bo‘ldi, suv va gaz tortiladi

Jamiyat 13:43 / 30.03.2021 2566

Kun.uz saytida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani markazidagi Afrosiyob mahallasining bir qator muammolari aks etgan murojaat o‘rganilib, e’lon qilingan edi.

Mahalla ahli chang-to‘zonli ko‘chalar, ichimlik suvi va tabiiy gaz yo‘qligi va eng asosiysi — tuman tibbiyot birlashmasining oqova suvlaridan aziyat chekayotganini bayon qilishgan edi.

Mazkur murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyatdagi tegishli tashkilot va idoralar o‘z rasmiy munosabatini bildirishdi.

Xususan, Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, lavhada aks etgan holatlar boshqarma tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilgan.

Ma’lum qilinishicha, tuman tibbiyot birlashmasining oqova suvlari bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilganda, mahalla hududiga badbo‘y hid tarqatayotgan manba tibbiyot birlashmasining eskirib qolgan oqova suv tozalash inshootining handaq qismi ekanligi aniqlangan. Shu kunning o‘zida maxsus texnikalar yordamida handaq ko‘mib tashlangan.

Inshoot atrofi badbo‘y hid tarqatuvchi chiqindilardan tozalangan, tibbiyot birlashmasi mas’ul xodimlariga atrofni obodonlashtirilib, ushbu hududga manzarali daraxtlar ekish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati
Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati

Hozirgi kunda tuman tibbiyot birlashmasining markaziy shifoxonasidan chiqadigan oqova suvlar 1 mlrd so‘mdan ortiqroq qiymatga ega zamonaviy, oqova suvlarni biologik tozalash inshooti orqali tozalanib, 500-600 metr uzunlikdagi polietilen quvur orqali To‘palang daryosiga tashlanmoqda.

Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati
Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati

«Boshqarmaning Atrof-muhit obektlari ifloslanishini monitoring qilish bo‘limi (tahliliy laboratoriyasi) tomonidan olingan oqova suv namunalari sinov laboratoriyada tekshiruvdan o‘tkaziladi va tahlil natijalariga ko‘ra yakuniy xulosaga kelinadi», deyiladi ekologiya boshqarmasi munosabatida.

Sariosiyo tuman hokimligi ham Afrosiyob mahallasi, Binokor ko‘chasida istiqomat qilayotgan aholi muammolari tuman hokimligi qoshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilgani haqida bayonot berdi. Hokimlik axborot xizmati murojaat yuzasidan o‘rganishlar haqida lavha tayyorlab, uni feysbukdagi sahifasiga joylashtirgan.

Unda Afrosiyob mahallasi hududida badbo‘y hid tarqatayotgan manba o‘rganilgani, tuman tibbiyot birlashmasining eskirib qolgan oqova suv tozalash inshootining handaq qismi shu kunning o‘zida maxsus texnikalar yordamida ko‘mib tashlangani ma’lum qilingan.

Kamchilikka yo‘l qo‘ygan tozalash inshooti xodimi viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqaramasi tomonidan MJtKning tegishli moddalari bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

«Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, joriy yil 10 aprel sanasiga qadar hal etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Tuman gaz ta’minoti korxonasi dasturiga asosan, Afrosiyob mahallasi aholisi 2022 yilning birinchi choragida tabiiy gaz tarmog‘iga to‘liq ulanilishi ma’lum qilinadi», deyiladi tuman hokimligi munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: