O‘zbekistonlik tadbirkorlar «o‘zbek-afg‘on matchmeyking» konferensiyasida qatnashadi

Iqtisodiyot 16:26 / 29.03.2021 3838

30 mart-3 aprel kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasida bo‘lib o‘tadigan Matchmeyking konferensiyaga O‘zbekistondan 18ta tadbirkorlik sub'yektlari yo‘l olmoqda. 

Kun.uz muxbiri  xabar berishicha, ushbu loyiha O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi va Biznesni rivojlantirish uyushmalari tomonidan tashkil etilmoqda. Biznes konferensiyada «B2B» uchrashuvlar, mahsulotlar ko‘rgazmasi va xorijiy investorlar bilan shartnoma tuzish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.

Konferensiyada ishtirok etadigan o‘zbekistonlik tadbirkorlar nafaqat Afg‘onistonga, balki dengiz logistikasiga ega davlatlar, shuningdek, quruqlik yo‘llari orqali bir yarim milliarddan ortiq aholi yashaydigan hudud - Hindiston, Pokiston va Bangladesh kabi davlatlarga chiqish, o‘z mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Loyiha ishtirokchilari asosan, O‘zbekistonda oziq-ovqat, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, yuvish vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanadi. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri afg‘onistonlik investorlar bilan uchrashadi, o‘z mahsulotlarini namoyish qiladi. 

«Kobul shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘on-o‘zbek matchmeyking konferensiyasi «B2B» shaklida bo‘lib o‘tadi. Ya'ni bunda bizning tadbirkorlarimiz o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etib, u yerdan jalb qilingan xaridor va distrbyutorlar agent va ta'minotchilar bilan o‘z mahsulotlari to‘g‘risida ma'lumot berishadi.

Ushbu konferensiyada ishtirok etayotgan barcha eksportyorlar xarajatlarni o‘zlari moliyalashtiradi. Har bir tadbirkor loyihada qatnashish uchun 600 dollardan xarajat qilgan, bunga loyiha doirasidagi barcha xarajatlar kirgan», deydi O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasining xorijiy bo‘limi boshlig‘i Husniddin Ismoilov. 

  • Avvalroq, eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Yorqin Malikov eksport qiluvchi korxonalarda ilm, tajriba yetishmasligi yaqqol ko‘rinib qolayotganini, eksportyorlar shartnomani o‘qimasdan turib tasdiqlab yuborishi holatlari ko‘p uchrashini hamda o‘z mahsulotlarini xorijga olib chiqqanda aldanib qolayotganini ta'kidlagan edi. 
  • Shuningdek, germaniyalik mutaxassis Ronni Xayne byurokratiya, bojlar, erkin savdoning yo‘qligi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishning yetishmasligi O‘zbekiston eksport tizimi rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillar ekanini aytgandi.
Ko‘proq yangiliklar: