Bojxona yig‘imlari bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi

Iqtisodiyot 17:24 / 29.03.2021 18813

Tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va (yoki) bojxona organlarining ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun (qo‘shimcha) bojxona yig‘imlari undiriladi.

Bu – 2021 yil 25 martda tasdiqlangan Davlat bojxona qo‘mitasining «Tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va (yoki) bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirish tartibi to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan. 

Bojxona yig‘imini kimlar to‘laydi?

Belgilangan joylardan tashqarida yoki bojxonachilarning ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishga to‘g‘ri kelganda manfaatdor shaxs ma'lum miqdorda bojxona yig‘imini to‘laydi.

Manfaatdor shaxs belgilangan joylardan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni so‘rab bojxona organiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Bojxona yig‘imini undirish tartibi qanday bo‘ladi?

Bojxona yig‘imlari bojxona ko‘rigi va bojxona nazorati ostidagi tovarlarni ko‘zdan kechirish, qayta yuklash operatsiyalarini amalga oshirish uchun bojxona yig‘imlari buyurtma-naryadni rasmiylashtirish orqali undiriladi. 

Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlari  undirilganda bojxona yuk deklaratsiyasiga tegishli ma'lumotlar kiritiladi.

Bojxona yig‘imi qaysi paytda rasmiylashtiruv amalga oshirilganda undiriladi?

Soat 18.00 dan 9.00 ga qadar bo‘lgan vaqt hamda dam olish va bayram kunlari ish vaqtidan tashqari vaqt hisoblanadi. Tovarlarni belgilangan joylardan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda bojxona rasmiylashtiruvidan boshlab buyurtma-naryadni imzolashgacha bo‘lgan vaqt hisobga olinadi.
 
Bojxona organlari tomonidan belgilangan joylardan tashqarida va bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvi uchun bir soatdan kam vaqt sarf qilingan taqdirda, bojxona yig‘imi bir xodimning to‘liq bir soat ish kuni uchun undiriladi.

Manfaatdor shaxsning murojaatida bojxona ko‘rigi, qayta yuklash operatsiyalarini amalga oshirish uchun bir nechta xodim ajratish so‘ralgan bo‘lsa, bojxona yig‘imi bojxona posti tomonidan ajratilgan har bir xodim uchun to‘lanadi.

Tartibda nazarda tutilgan buyurtma-naryad tushunchasi nimani anglatadi?

(Buyurtma-naryad – tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va (yoki) bojxona organlarining ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirishda bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilgan elektron shakldagi hujjat.)

Buyurtma-naryad bojxona organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron tarzda rasmiylashtiriladi. Buyurtma-naryad ikki qismdan: «buyurtma-naryad» va «hisob-faktura»dan iborat bo‘ladi.

Buyurtma-naryad manfaatdor shaxsning bojxona organlariga yo‘llagan murojaatida keltirilgan ma'lumotlar asosida axborot tizimida bojxona organlari tomonidan to‘ldiriladi. Bunda bojxona rasmiylashtiruvi uchun undirilgan bojxona yig‘imlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi.

Yangi tartib qachondan kuchga kiradi? 

Qonun e'lon qilinganidan uch oy o‘tib, ya'ni 2021 yil 26 iyundan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: