Shunday iste'mol tovarlari borki, ular zamonaviy ilmiy-texnik tafakkurning in'ikosi bo‘lib turadi. Narxi qancha bo‘lishidan qat'i nazar, ularda ixtirochilar va konstruktorlarning eng yangi va noodatiy g‘oyalari amalga oshiriladi.
Avstriyaning C SEED Entertainment kompaniyasining 165″ televizori ham shunday tovarlardan biridir. Bu hashamatli qurilma rosa 10 soniyada poldan o‘sib chiqadi, sassiz jimjimador ustun paydo bo‘ladi va qarshingizda katta va sifatli ekran paydo bo‘ladi.
C SEED Entertainment kompaniyasi Venada joylashgan va AQShning Kaliforniya shtati Beverli-Hillz shahrida filiali bor. Jahonga mashhur Bang & Olufsen’ning sobiq xodimlari asos solgan kompaniya 2013 yilda o‘zining ilk mahsulotini namoyish qilib, tantanali ravishda C SEED televideniye olami tarixini o‘zgartirib yuborganini e'lon qildi.
165″ M1 modeli yopiq inshootlarda foydalanishga mo‘ljallangan va 2021 yilning uchinchi choragidan boshlab mijozlarga to‘liq o‘rnatilgan holda topshiriladi. Ekran 4K formatda ishlaydi va qurilma to‘liq ochilganidan keyin choksiz birlashadigan 5ta MicroLED paneldan iborat.
«C SEED M1 bu nazokatning ro‘yobga chiqishidir. Bir tugmani bosish bilan pol ochiladi va bir necha soniya o‘tib yerdan alyuminiydan ishlangan silliq ustun chiqib keladi. Devorga ilinadigan katta televizion ekranlar zamonaviy interer dizaynda eskirdi. Shuning uchun C SEED kompaniyasi mutlaqo boshqa yo‘ldan yurib, inqilobiy dizayn yaratdi», deyishdi faxr bilan mualliflar.
Umuman olganda, M1 bu unikal, sifatli ulkan televizor bo‘lib, tezda pol ostiga yashirina oladi. Oddiy komplektatsiyada oltin, qora va titan ranglardan birini tanlash mumkin. Mijoz talabiga ko‘ra televizor korpusiga ham buyurtma berish mumkin.
Albatta bunday televizor uchun munosib xona kerakligi ham oydek ravshan. Televizor narxini esa «cho‘ntakbop» deb bo‘lmaydi. Beverli-Hillzda yashovchi multimillionerlarga mo‘ljallangan bu kabi televizorlarning bazaviy narxi «atigi» 400 ming dollardan boshlanadi.