2021 yil 1 apreldan boshlab prezidentning 2007 yilda qabul qilingan «Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni o‘z kuchini yo‘qotadi.
Ushbu sanadan boshlab unda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilishi to‘xtatiladi. Xususan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni so‘ndirish xarajatlariga hamda lizing obekti qiymatini to‘lashga yo‘naltirilgan investitsiya summalariga foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz bekor qilinadi.
Ma'lumot uchun, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida foyda solig‘i doirasida quyidagi miqdorlardagi investitsiyaviy chegirma nazarda tutilgan:
- yangi texnologik uskunalar qiymatining, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash xarajatlarining va (yoki) axborot tizimlarini yaratishga doir investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishning dasturiy ta'minotini sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar summalarining 10 foizi miqdorida;
- ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar summasining 5 foizi miqdorida.
Soliq kodeksi 317-moddasiga muvofiq, chegirib tashlanmaydigan xarajatlar bo‘yicha investitsiyaviy chegirma berilmaydi, u quyidagilar amalga oshirilgan hisobot (soliq) davrida qo‘llaniladi:
- yangi texnologik uskuna ishga tushirilgan;
- o‘z ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash amalga oshirilgan, ishlab chiqarish yangi qurilish shaklida kengaytirilgan, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilish amalga oshirilgan, axborot tizimlarini yaratish bo‘yicha investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishning dasturiy ta'minoti sotib olingan.
Avvalroq, Moliya vazirligi Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygani va unda elektromobillar bojxona yig‘imidan ozod etilishi ko‘zda tutilgani xabar qilingan edi.