25 mart kuni Samarqand shahridagi «Ice Arena» muz saroyida klubning samarqandlik yoshlar uchun tashkillashtirilgan kastingi o‘tkazildi.
Biz kasting avvalida unda qatnashish uchun yig‘ilgan yoshlarni suhbatga tortdik. Turli oliygohlarda tahsil oluvchi talaba-yoshlar «Zakovat» haqidagi yangiliklarni kuzatib borishlari, Toshkentda o‘tkazilgan ilk ommaviy musobaqadan so‘ng Samarqandda kasting o‘tkazilishidan xabardor bo‘lishganini aytishdi.
Shundan so‘ng ular kastingda qatnashish uchun onlayn arizani to‘ldirishgan va ularga SMS-taklifnoma yuborilgan.
Bizga ma'lum qilishlaricha, «Zakovat» rasmiy saytidan ro‘yxatdan o‘tgan samarqandlik yoshlarning soni 2,5 ming kishidan oshgan.
Kastingga taklifnoma olgan yoshlar muz saroyining ichkarisiga sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda kiritildi, bilimdonlar tribunalarga masofa saqlagan holda joylashdi.
Kiraverishda ularning har biriga ruchka hamda javoblar varaqasi taqdim etildi.
Saroyga yig‘ilgan ikki mingga yaqin zakovatchi yoshlar qarshisida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashining raisi Komil Allamjonov chiqish qildi.
Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham barchani qutlab, asosan bilimdon qizlarni tanlovda dadilroq qatnashishga undadi.
Tanlovning mukofot jamg‘armasi 130 mln so‘m deb e'lon qilindi: 1-o‘ringa 100 mln, 2-o‘ringa 20 mln, 3-o‘ringa 10 mln so‘m. Sahnaga va'da qilinayotgan pul mukofoti olib chiqildi.
Nihoyat, tanlovga start berildi. Barcha kasting qatnashchilariga 30 ta faktik savol va 10 ta mantiqiy savollar o‘qib berildi. Ular belgilangan qisqa vaqt ichida javoblar varaqasini to‘ldirib borishdi.
Endi nomzodlar berilgan to‘g‘ri javoblarga qarab saralanadi va 6 kishilik bilimdonlar jamoalari shakllantiriladi.
Jamoaviy bellashuvlar esa Samarqand shahrida 27 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri.