Toshkentdagi shifoxonada mast ahvoldagi bemor shifokorga og‘ir tan jarohati yetkazdi

Jamiyat 15:11 / 25.03.2021 21285

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, 24 mart kuni kechki payt soat 23:15larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limiga Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida tekshiruvga olib kelinadi. 

Bemorning onasi toksikolog xonasida o‘z xizmat faoliyatini o‘tayotgan navbatchi shifokor N.Tashpo‘latovaga o‘g‘li bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganini bildirgan. 

Navbatchi shifokor o‘sha vaqtda boshqa bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgani va bundan so‘ng ularni ham qabul qilib, kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan. 

Shunga qaramay, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli haqoratli va tuhmat so‘zlar bilan e'tiroz bildirishni boshlagan. Bemor U.N. esa to‘satdan shifokor N.Toshpo‘latovaga og‘ir tan jarohati yetkazgan. 

«Shifokor N.Toshpo‘latovada bosh miya shishi asorati kuzatilib, «Qo‘shma kraniofatsial jarohat. Og‘ir darajadagi bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya og‘ir darajada lat yeyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun to‘sig‘i sinib siljishi. Ensa va burun sohalari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi. Nazogemorreya» tashxisi bilan neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Ayni paytda u kuchli karaxtlik darajasida bo‘lib, og‘ir ahvolda davolanmoqda. Bemor atrofdagilarga sekin reaksiya berib, muloqotga kirishishga qiynalmoqda», — deydi ushbu markaz direktori Doniyor Alimov.

SSV xabarida qo‘shimcha qilinishicha, xizmat vazifasi vaqtida bemor tomonidan kaltaklangan shifokor Toshpo‘latova 2017 yildan buyon shifokor-toksikolog lavozimida ishlab kelmoqda, o‘z xizmat vazifasini klinik protokollarga rioya qilib, talab darajasida bajarib kelgan.   

«Oxirgi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, shifokorlarning sog‘lig‘iga og‘ir ziyon yetkazish, tahqirlash holatlari uchrayotgani barchamizni tashvishga solmoqda. Pandemiya avj nuqtaga kirgan eng og‘ir davrlarda ham, hozir ham shifokorlarning xalqimiz salomatligi yo‘lida fidoyilik bilan qilgan mehnatlariga barcha guvoh bo‘lib turibdi. Shifokor hech qachon, hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, aksincha, huzuriga shifo istab kelgan har bir bemorga bor kuch-salohiyati, bilimini ishga solib beg‘araz ko‘mak beradi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi huquq-tartibot organlaridan jamiyatimizda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan bunday illatlarga qarshi kurashning ta'sirchan va samarali usullarini joriy etib, shifokorlarning haq-huquqlarini qat'iy himoya qilishlarini talab qiladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: