Shahrisabzning Kamar qishlog‘idagi islohotni kutayotgan maktab: Qashqadaryoda savollarga javob beradigan odam bormi?

Jamiyat 18:03 / 25.03.2021 13168

«Qishlog‘imizdagi 53-maktab allaqachon avariyaviy holatga kelib qolgan. Mas'ullar yangisi quriladi, deb va'da berganiga ham 3 yil bo‘ldi», deyiladi murojaatda.

Kun.uz muxbiri murojaatni joyida o‘rganish uchun Shahrisabz tumani «Xitoy» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Kamar qishlog‘iga bordi.

Yo‘lda hamrohlik qilgan qishloq oqsoqoli va murojaatchi J.Ochilovning ma'lum qilishicha, tuman XTB mas'ullari aholining murojaatiga uch yildirki «Bu yil quriladi», deya javob berib kelgan. Aholi o‘z hududidan saylangan deputatni tanimaydi.

Maktabgacha yetib borish tuman markazidan deyarli 1 soat yo‘lni oldi. Maktabgacha eltadigan yo‘l o‘tgan tepalik o‘yib qilingan, hozir biroz qum-tosh to‘kilgan ekan.

1997–2006 yillar oralig‘ida 53-maktabda direktor lavozimida ishlagan Ahmad G‘oyibov vaziyat bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

 Keksa pedagog Ahmad G‘oyibov

«Maktabning eski binosi 1970-yillarda, yangi binosi 2000-yillarda qurilgan. O‘sha vaqtda maktabni 160 o‘rinli qilib qurish rejalashtirilgan edi, lekin 100 o‘rinlisi bitib, 60 o‘rinlisi uchun faqat poydevor quyilgan», — deydi mehnat faxriysi Ahmad G‘oyibov.

Darhaqiqat, maktabda ikkita o‘quv binosi mavjud. 1973 yilda loy-paxsadan qurilgan eski bino 60 o‘ringa mo‘ljallangan. 2002 yilda pishiq g‘ishtdan qurilgan ikkinchi bino bir smenada 100 nafar o‘quvchini sig‘dira oladi.

1973 yilda qurilgani aytilayotgan binoning devorlari yorilib, yog‘ochlari chirib ketgan. Tomlari va shiftlari ko‘rinishidan talab darajasida emas.

G‘alati holat – qayta qurilishga muhtoj, devorlari yorilib, yiqilay deb turgan binoga isitish tizimi o‘rnatilmoqda. Maktabning ayni chog‘dagi direktori Xolboy Sanayev bu holat bo‘yicha izoh berdi.

53-maktab direktori Xolboy Sanayev

«Binoning ikkita xonasida o‘quvchi o‘qityapmiz, uchinchi xonasida devorlar yorilib ketgani sababli dars o‘tilmayapti. «Isitish tizimi» dasturga tushgani sababli qilib berilyapti», — dedi X.Sanayev.

Binoning boshqa xonalari ham talabga javob bermaydi. Burjuy pech o‘rnatilgan. Shiftga bo‘z qoqilgan. Xonalar esa sovuq.

«11 yanvardan beri isitish tizimi ishlamayapti. Burjuy pech o‘rnatdik ham, lekin qizimadi. Maktabda 223 nafar o‘quvchi, 6ta sinfxona, 13ta sinf bor», — dedi direktor.

Maktabning 2002 yilda qurilgani aytilayotgan binosi ham to‘la ta'mirtalab holga kelib qolgan. Suvoqlari yorilgan, tomdan chakka o‘tadi. Sinfxonalarning tagi beton, toshlari chiqib qolgan. Zaxlab ketgan. Xonalar o‘tin pechlar bilan qizdirilgan, lekin o‘quvchilarning oyoqlari bosiladigan joy namligi ko‘rinib turibdi. O‘qituvchilar xonasidagi pol esa cho‘kkan.

«Maktabimizda yopiq stadion yo‘q. Men ham zamonaviy sinfxonalarda yaxshi o‘qishni istayman. Kelajakda harbiy bo‘lmoqchiman», — deydi 4-sinf o‘quvchisi Shohrux Ismoilov.

Maktabda informatika xonasi mavjud. Xona 20ta zamonaviy kompyuter bilan ta'minlangan. Informatika fani o‘qituvchisi, o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Tillayev yomg‘ir yog‘gan chog‘larda kompyuterlarni bir chetga yig‘ib qo‘yishga to‘g‘ri kelayotganini aytib o‘tdi.

«Bir yarim yildan beri direktor o‘rinbosariman. Ungacha informatika xonasiga mas'ul bo‘lganman. Maktabimizda zamonaviy kompyuterlar yetarli. Faqat 20ta kompyuterga mos xona yo‘q. Qolaversa, bahorda chakka tomadi, devorlar zax», deydi u.

Direktor Xolboy Sanayev 31 nafar o‘qituvchi uchun yetarli sharoit yo‘qligini ham ta'kidlab o‘tdi.

«O‘qituvchilar xonasi ham kichik, pol cho‘kkan. Aslida o‘qituvchilar xonasi mavjud emasligi uchun o‘rinbosarimning kichik xonasidan foydalanyapmiz», — dedi direktor.

30 yildan buyon maktabda boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan G‘ayrat Doverovning so‘zlariga ko‘ra, yangi qurilgan bino qariyb 20 yil ichida avariyaviy ahvolga kelib qolgan.

«Biz ham zamon talablariga javob beradigan ilg‘or va barcha sharoitlarga ega sinfxonalarda dars berishni xohlaymiz», — deydi o‘qituvchi.

«Yuqori idoralarga murojaat qildim. 2021 yilda dasturga kiritamiz, deyishdi. Sport zal, 120 o‘rinli maktab quramiz, deyishdi. Viloyatga chiqdik, ular tuman XTB taklif bermagan deyishdi. Xalq ta'limi vazirligiga qadar qo‘ng‘iroq qilganman. 2017 yildan beri hech qanday natija yo‘q», — deydi kamarlik Jamshid Ochilov.

Tomdan chakka o‘tgani uchun maktabning chordoq qismiga ham chiqib ko‘rdik. Ahvol juda yomon. Ko‘p yillar davomida narsalar saqlanadigan joyga aylantirilgan. Shiferlarning aksari singan. Orasini yopishi kerak bo‘lgan tunukalar esa allaqachon yo‘q.

Maktabning ahvolini kuzatar ekanmiz, hududdan saylangan deputat haqida so‘radik. Qarangki, qishloqning aksar aholisi uni tanimasligi ma'lum bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay deputat ham yetib keldi.

«Aholi murojaati bo‘yicha 53-maktabni keyingi yillarda qurish uchun investitsiya dasturiga kiritish bo‘yicha 2020 yil oktyabr oyida Shahrisabz tuman Xalq ta'limi bo‘limiga deputatlik so‘rovi jo‘natganman. Menga maktab 2021 yilgi dasturga kiritilgani haqida javob xati berilgan. Agar dasturga kiritilmagan bo‘lsa tegishli tashkilotlarga murojaat qilamiz», — deydi 22-saylov okrugidan xalq deputatlari tuman Kengashiga saylangan deputat Ilhom Yusupov.

Tuman Kengashi deputati Ilhom Yusupov

Maktabda ochiq stadion bor, biroq yog‘ingarchilik kunlari sport bilan shug‘ullanish uchun sport zal yo‘q ekan.

Shahrisabz tuman Xalq ta'limi bo‘limi ushbu maktab haqida ma'lumot taqdim etdi. Ma'lum qilishlaricha, tuman hokimligi tavsiyasiga ko‘ra 2021 yilda 100 o‘rinli o‘quv binosini mukammal ta'mirlash, 60 o‘rinli loy paxsadan qurilgan binoni buzib, o‘rniga 120 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurish bo‘yicha taklif berilgan.

Qashqadaryo viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati bilan bog‘langanimizda 2021 yilda qayta quriladigan va ta'mirlanadigan maktablar ro‘yxatida Shahrisabz tumanidagi 53-maktab mavjud emasligini ma'lum qilishdi.

Xullas, maktabning bugungi holati zudtar loy-paxsalik eski binoni buzib, dastur asosida qayta qurishni talab etmoqda. Xo‘sh, Kamar qishlog‘ida yangi maktab binosi quriladimi?

Bu savolga asosli javob va munosabat kutib qolamiz.

O‘roljon Kamolov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: