Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida fuqaroni internet tarmoqlari orqali sharmanda qilish bilan qo‘rqitib pul talab qilgan tovlamachilar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, fuqarolar B.Yu. va S.A. oldindan til biriktirib, fuqaro G‘.ning N. ismli ayol bilan ishqiy munosabatlari aks etgan videotasvirlarni internet tarmoqlarida tarqatib, ularni sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, evaziga 1 000 dollar talab qilgan.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chiroqchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, B.Yu. va S.A. fuqaro G‘.dan talab qilingan 1 000 AQSh dollaridan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan B.Yu. va S.A.larga nisbatan jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.