«Issiqlik elektr stansiyalari» AJda moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari(MHXS)ga o‘tish jarayonini takomillashtirish maqsadida buxgalter-kadrlar bilimi va salohiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va uning tizim korxonalarida «Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida korporativ o‘qitish» loyihasiga start berildi. Loyiha «IBS Tashkent» markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Loyihaning taqdimot onlayn-uchrashuvida ACCA GOLD statusiga ega «IBS Tashkent» markazi mutaxassislari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda markaz tomonidan 2 bosqichda 50 nafar buxgalteriya xodimlari o‘qitilishi belgilab olindi.
– Mutaxassislarni xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash orqali, MHXSga o‘tishni jadallashtirishga va moliyaviy hisobotlarning shaffofligi ta'minlanishiga erishiladi. Natijada, xorijiy investorlarni jalb qilish va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlari yaratiladi, - deydi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ Bosh buxgalter o‘rinbosari - MHXS bo‘limi boshlig‘i A.Ahmadjonov.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 24 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4611-sonli «Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori e'lon qilingan edi. Qarorga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlari 2021 yil yakuniga qadar xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risida hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatlaridan (ASSA, SRA, CIPA, DipIFR) biriga ega kamida uch nafar mutaxassis-buxgalter bilan ta'minlanishi belgilab qo‘yilgan.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati.