Markaziy Osiyo suv xavfsizligi energiya, oziq-ovqat va atrof-muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan dunyodagi kam sonli mintaqalardan biridir. Daryolarning ulkan tarmog‘i butun mintaqani kesib o‘tuvchi ikkita asosiy suv havzalari - Amudaryo va Sirdaryoga quyiladi. Sovetlar davrida yuqori suv oqimiga boy mamlakatlar bahor va yoz oylarida quyi oqimdagi mamlakatlarni sug‘orish uchun suv bilan ta'minlagan. Buning evaziga ularga qish oylarida isitish va elektr energiyasi uchun ko‘mir, neft va gaz yetkazib berilgan. 1960-yillarning boshlarida butun mintaqada qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ishlari olib boriladi, bu esa intensiv sug‘orish tizimlariga olib keldi. Sug‘oriladigan dehqonchilik suvga juda talabchan paxtaning ehtiyojlarini qoplash uchun ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi tushunchasi mintaqani yuqori oqim (Qirg‘iziston, Tojikiston) va quyi oqim (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston) o‘rtasida taqsimlaydigan transchegaraviy daryolarning keng tarmog‘ini boshqarishga intilib rivojlanib keldi.
Ob-havo o‘zgarishi bilan Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish va xavfsizligini ta'minlash masalalari muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
BMTning Butunjahon suv resurslari kuni munosabati bilan e'lon qilgan hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizdagi 2 milliard aholi toza ichimlik suvidan bevosita foydalanish imkoniga ega emas. Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, jahonda 2000 yildan 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sadi. Shuningdek, hisobotda 2017 yilda Markaziy Osiyodagi preventiv diplomatiya bo‘yicha BMT mintaqaviy markazi va Adelfi universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot haqida ham so‘z yuritilgan. Uning asosiy maqsadi suv resurslarini boshqarish sohasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning iqtisodiy foydasini baholashga qaratilgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, agar mintaqa davlatlari hamkorlik yo‘lini tanlasa, ular yiliga kamida 4,5 milliard dollar tejashi mumkin.
Butunjahon suv resurslari kuni munosabati bilan ShHT bosh kotibi Vladimir Norov «ShHTga a'zo davlatlar suv resurslari taqchilligi bilan bog‘liq tahdidlarning jiddiyligini yaxshi anglaydi» nomli maqolasini e'lon qildi.
«Suv resurslarini muhofaza qilish masalalari ShHTga a'zo davlatlar uchun juda dolzarbdir. Tashkilotning ulkan hududida qariyb 6 million daryo va ko‘l mavjud, «suv minoralari» hisoblangan tog‘ tizmalari maydoni taxminan 12,5 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, suv resurslarining umumiy hajmi deyarli 10 million kub kilometrga teng. Tabiat jarayonlarida muhim rol o‘ynaydigan, chuchuk suv manbayi bo‘lib xizmat qiladigan ko‘plab muzliklar mavjud.
Shu bilan birga, mutaxassislar ta'kidlashicha, 21 asrning oxiriga kelib, insoniyat Himolay muzliklarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini yo‘qotishi mumkin. Xuddi shunday vaziyat Pomir muzliklarida ham yuzaga kelmoqda – Fedchenko nomi bilan yuritiladigan uzunligi 75 kilometrdan oshadigan dunyodagi eng yirik kontinental muzlikning erish jarayoni kuzatilmoqda va bu bugungi kunning eng katta xavflaridan biriga aylangan. Global isish oqibatida Tyanshandagi muzliklarning erishi tezlashmoqda», deb ta'kidlaydi Vladimir Norov.
ShHT bosh kotibi suvning 80 foizi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilishi hisobga olinsa, toza suv bilan bog‘liq murakkab holat oziq-ovqat tanqisligiga olib kelishi mumkinligiga urg‘u bergan.
Mintaqadagi muzliklarning eng katta qismi Tojikiston hududiga to‘g‘ri keldi. BMT Bosh assambleyasining Barqaror rivojlanishning oltinchi maqsadiga bag‘ishlangan onlayn-yig‘ilishida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon mamlakatdagi muzliklarning erishi Markaziy Osiyo uchun katta xavf tug‘dirishini ta'kidladi.
«Muzning suv yuzasida ham, quruqlikda ham tez orada erishi yaqin kelajakda halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu jarayonning yorqin misoli Tojikistonda muzliklarning tez erishi bo‘lib, Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi», dedi Tojikiston rahbari.
Uning ta'kidlashicha, bugungi kunda Tojikistonda minglab kichik va o‘rta muzliklar butunlay erib ketgan. Bu vaziyat nafaqat respublika ichida, balki mintaqaning boshqa davlatlariga ham salbiy ta'sir qiladi.
Tojikiston Fanlar akademiyasi energetika va ekologiya institutining suv masalalari bo‘yicha katta ilmiy xodimi Huseyn Abrorov mintaqada qishloq xo‘jaligida suv isrofgarchiligi yuqori ekaniga e'tibor qaratadi.
«Suvdan foydalanish masalasining salbiy bir tomoni shundan iboratki, xususan, bizning qishloq xo‘jaligimizda isrofgarchilik, jahonda muqarrar qilingan o‘rtacha suv xarajatlari hajmidan bir necha barobar balandda turadi. Masalan, bizda bir gektar yerga ishlov berishda 12-14 ming kub metr suv sarflanadi. Ammo, aytaylik, Isroilda gektariga atigi 5 ming kub metr suv ishlatishadi-yu, oladigan paxta hosili 50 sentnerga yetadi. Bizda esa o‘rtacha hosildorlik atigi 22 sentner atrofida qolyapti. Suvdan oqilona foydalanish madaniyatini o‘rganishimiz kerak», - deb ta'kidlagan u.
O‘zbekiston uchun suv resurslarining ahamiyati qay darajada?
O‘zbekiston uchun vaziyatni ikki holat og‘irlashtiradi. Birinchidan, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlardan keladigan suv ta'minotiga bog‘liqligi yuqori darajada (iste'mol qilinadigan suvning 80 foizi tashqaridan keladi). Shuning uchun ham suv tanqisligi muammosini ushbu davlatlar bilan kelishmasdan hal etib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, O‘zbekistonda ichimlik suvi juda samarasiz sarf qilinadi, ayniqsa, mamlakatdagi suv resurslarining 90 foizini iste'mol qiluvchi qishloq xo‘jaligida. Suv iste'molchilarga yetkazish vaqtida (o‘ta eskirgan va chirigan infratuzilma sababli sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar 35-40 foizni tashkil qiladi) va iste'mol jarayonida ham (sug‘oriladigan yerlarning faqat 3 foizida suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etilgan) yo‘qotiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori Yuliy Yusupovning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishi mintaqadagi asosiy daryolarga suv yetkazib beruvchi tog‘dagi muzliklar erishiga olib kelmoqda. So‘nggi 50-60 yilda muzliklarning maydonlari taxminan 30 foizga qisqargan. Taxminlarga ko‘ra, o‘rtacha yillik harorat 2 darajaga ko‘tarilgan taqdirda muzliklar o‘z hajmining 50 foizini yo‘qotishi mumkin, harorat 4 darajaga ko‘tarilgan taqdirda esa – bu hajm 78 foizgacha yetadi. Natijada mavjud suv resurslari hajmi ham qisqarmoqda. Masalan, O‘zbekiston tomonidan foydalaniladigan suvning yillik hajmi so‘nggi yillarda o‘rtacha yillik 51-53 kub metrni tashkil qiladi, bu esa o‘tgan asrning 80-yillariga qiyoslaganda 20 foizga kamdir. Shu bilan birga, mamlakat aholisi ushbu muddat ichida 1,5-2 baravar o‘sgan.
Germaniya yer tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi Abror G‘ofurov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida Markaziy Osiyodagi suv muammolari va uning yechimlari haqida fikrlarini bildirgan.
«Iqlim o‘zgarishining tog‘ muzliklariga ta'siri yuqori, negaki, muzliklarning o‘z massa balansi bo‘ladi. Ma'lumki, yozning issiq kunlarida tog‘dagi muzlarning qaysidir qismi eriydi, qish kelganda esa ustiga qor tushishi bilan yana to‘planadi. Agar muz ikki metr erisa-yu, yana shuncha to‘plansa, bu me'yoriy holat. Ammo iqlim isishi oqibatida muzning erishi to‘planishiga qaraganda ko‘proqni tashkil qilmoqda va muzliklar o‘z massasini yo‘qotmoqda. Muzga 6-7 metr uzunlikdagi maxsus belgi qo‘yiladi. Keyingi yil kelganimizda muzlik shu belgidan 3 metrga pastlagan bo‘ladi. Bu degani muzlik uch metrga erigan va shunga mos miqdorda massasini yo‘qotgan. Afsuski, balansi plyus bo‘lgan muzlik hali kuzatilmadi. Bu o‘z o‘rnida tog‘larimizdagi muzliklarimiz davomiy ravishda erib borayotganidan dalolatdir», - deb ta'kidlagan Abror G‘ofurov.
Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilarining ma'lumotiga ko‘ra, gidrometeorologik vaziyat tahlili va dastlabki baholash natijalari 2021 yilda Amudaryo va Sirdaryo havzalarining aksariyat daryolarida suv sarfi me'yorga nisbatan sezilarli kamayishini ko‘rsatmoqda.
Tobora rivojlanib borayotgan sun'iy aqlga ixtisoslashgan texnologiyalar Markaziy Osiyodagi suv muammosini bartaraf etishi mumkinmi?
Sun'iy aql - bu suv sanoatining kelajagi. Hozirgi suv infratuzilmasini yanada mustahkam, ko‘proq foyda keltiradigan holatga keltirilishida SI (sun'iy intellekt) texnologiyalari juda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Tahlilchilar sun'iy intellekt suvni tozalashga jamiyat hayotining boshqa sohalarida odatlanib qolgan xususiyatlarni olib kelishini ta'kidlamoqda. SIni qo‘llab-quvvatlaydigan onlayn platformalar iste'molchilarga suvni real vaqtda iste'mol qilishni ko‘rish, to‘lovlarni to‘lash va dinamik suv resurslari sharoitlari to‘g‘risida ma'lumot olish uchun o‘zgartirilgan, jozibali va ochiq usulni taklif qilishi mumkin.
So‘nggi yillarda suvsiz mamlakatlar o‘zlarining qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirmoqda, suvdan oqilona foydalanish yo‘llarini qidirishmoqda. Masalan, Isroil bu borada eng yaxshi namunalardan biri va Yaqin Sharq mamlakatlarining eng qurg‘oqchil davlatidir. Isroilda suvni boshqarish bo‘yicha xususiy kompaniya mavjud. Xususan, yuqori texnologiyalarga asoslangan Mekorot kompaniyasi Isroilning 90 foiz ichimlik suvini yetkazib beradi va taxminan 80 foiz suv ta'minotini boshqaradi. Uning shu'ba korxonasi EMS Mekorot Projecs suv ishlarini rejalashtirish, o‘rnatish, sinovdan o‘tkazish, oqova suvlarni tozalash, sho‘rsizlantirish, yomg‘irni yaxshilash va boshqa masalalarda yechimlarni taqdim etadi. Mekorot’ning ikkinchi shu'ba korxonasi Mekorot Development and Enterprise loyihalash, texnik-iqtisodiy asoslar, loyihalarni boshqarish va tozalash inshootlarini qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil etadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Suv tanqisligi yuqori va yaqin kelajakda hayot-mamot darajasiga ko‘tarilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan Markaziy Osiyoning biror davlatida suv xo‘jaligi kompaniyalari mavjudmi yoki bu borada ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilyaptimi?