AQSh energetika mustaqilligini qo‘lga kiritgan va Yevropadagi ittifoqchilarini Moskvaga juda qaram bo‘lib qolishidan ogohlantirgan bo‘lsa ham, Amerika neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftini har qachongidan ko‘proq sotib olishmoqda.
Qo‘shma Shtatlarda Rossiya neftiga talabning ortib borayotganligi mamlakat energetika diplomatiyasiga ziddir. Sababi so‘nggi ikki yil davomida Vashington rasmiylari Yevropa davlatlarini «Shimoliy Oqim 2» dan foydalanib, Sibir gazini Germaniyaga yetkazib berish uchun milliardlab dollarlik quvur liniyasidan voz kechishga chaqirishmoqda(Rossiya gazi 2019 yilda Yevropa davlatlari tabiiy gaz importining taxminan 45 foizini tashkil etgan).
Bloomberg tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, yillar davomida AQSh neft va qayta ishlangan mahsulotlarning yillik importi 0,5 foizini tashkil etgan holda, Rossiya so‘nggi o‘n yil ichida o‘z ulushini muttasil oshirib, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizga yetkazgan. AQShning Rossiyadan importi 2020 yilda kuniga o‘rtacha 538 ming barrelni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich Saudiya Arabistonidan kuniga o‘rtacha 522 ming barrel atrofida bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, Rossiyadan neft eksport qilishga bo‘lgan talabning oshishiga Nikolas Maduroga qo‘yilgan sanksiyalar sabab Venesueladan neft sotib olishning keskin qisqarishi bo‘lgan. Bundan tashqari Saudiya Arabistonidan eksport hajmining keskin kamayib ketishi natijasida AQSh uchun Rossiya eng arzon bozorga aylangan.
Amerikalik neftni qayta ishlash korxonalari Rossiyadan sotib olgan mahsulot mazut hisoblanib, u asosan issiqlik hosil qilish uchun foydalaniladi. Ammo bu mahsulot AQShda benzin ishlab chiqarish uchun ishlatilgan.
Mart oyida prezident Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «qotil» deb atadi va AQSh saylovlariga aralashgani uchun haq to‘lashini ta'kidladi. Agar Saudiya Arabistoni yaqin bir necha oy ichida neft ishlab chiqarishni ko‘paytirsa, Oq uy Rossiya neftining importiga qo‘yilgan taqiqni yozning oxirida Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar doirasida ko‘rib chiqishi mumkin.
O‘tgan yilning birinchi yarmida Rossiyadan import qilingan mahsulot 9,1 million tonnani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,3 barobarga ko‘pdir.