2021 yilda qaysi hududlar mahalliy budjetga eng ko‘p daromad yoki xarajat keltirishi bo‘yicha prognozlar ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 20:45 / 25.03.2021 5955

Moliya vazirligi O‘zbekiston mahalliy budjetlar daromadlari, xarajatlari va tartibga soluvchi budjetlararo transfertlarning 2021 yil uchun prognozlarini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda mahalliy budjetlar daromadlari jami 29,7 trillion so‘mni, xarajatlari 40,2 trillion so‘mni tashkil etadi. Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar esa 10,4 trillion so‘m bo‘lishi belgilangan.

Xususan, joriy yilda eng yirik daromad Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi va qariyb 4 trillion so‘mni tashkil etadi. 

Keyingi navbatda Toshkent viloyati daromadi 3 trillion so‘mni, Farg‘ona viloyati 2,9 trillion so‘m, Samarqand viloyati 2,6 trillion so‘m, Qashqadaryo 2,4 trillion so‘m, Andijon viloyati 2,3 trillion so‘m bo‘lishi keltirilgan.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, daromadlar qiymati mobil aloqa xizmatlari va alkogol mahsuloti, shu jumladan pivo uchun aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar hisobidan ajratiladigan mablag‘larni hisobga olgan holda belgilangan.

2021 yilda mahalliy budjetlar xarajatlari eng ko‘p yo‘naltiriladigan hudud – Qashqadaryo viloyati bo‘lib, 4,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, Toshkent shahri 4 trillion so‘m, Farg‘ona viloyati 3,8 trillion so‘m, Samarqand 3,7 trillion so‘m, Andijon va Namangan viloyatlari 3,2 trillion so‘mdan, Surxondaryo viloyati 3 trillion so‘m xarajat qilishi kutilmoqda.

Bunda mahalliy budjetlardan so‘ndiriladigan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar ham hisobga olingan.

Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar eng ko‘p ajratiladigan hududlar – Qashqadaryo viloyati (1,5 trillion so‘m), Surxondaryo viloyati (1,3 trillion so‘m), Namangan viloyati (1,3 trillion so‘m) va Samarqand viloyati (1,1 trillion so‘m) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yildan boshlab mahalliy davlat organlarining mahalliy budjetlarni shakllantirish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston vazirlar kengashi, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari kelgusi yil uchun mo‘ljallangan tegishli budjet loyihalarini kiritadi. Shu bilan birga, Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar kengashlari mahalliy budjetlar to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Avvalroq, 2020 yilda hududlar bo‘yicha davlat budjetiga tushgan tushumlar miqdori ma'lum qilingandi. Unga ko‘ra, eng ko‘p tushumlar Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Ko‘proq yangiliklar: