Bunda, savdo uyi deganda keng miqyosda savdo operatsiyalarini olib boradigan ko‘p tarmoqli savdo kompaniyalari nazarda tutiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Umarovning aytishicha, savdo uylarini tashkil etish ikki bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda 20ta davlatda vakolatxonalar ochilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda ushbu davlatlarda savdo uylari ochiladi.
«O‘zbekiston Yevrosiyoning o‘rtasida joylashgan mamlakat bo‘lgani uchun unda savdo koridorlariga hab vazifasini bajarish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Germaniyaning «Luno group» kompaniyasi bilan shartnoma imzolash arafasidamiz. Ular Hamburg portida O‘zbekiston mahsulotlari uchun savdo (biznes) uyini ochib beradi, O‘zbekistonda esa Yevropa va Germaniya mahsulotlari uchun biznes uyini ochish rejalashtirilgan», – deydi assambleya raisi.
Muxtor Umarovga ko‘ra, savdo uylarini tashkil etish logistika xarajatlarini pasaytirishi mumkin, chunki yuklar katta oqimda harakatlana boshlaydi.
«Germaniyada savdo uyini tashkil etish Yevropaga ochayotgan koridorimiz bo‘lsa, ikkinchisi – Rossiya Federatsiyasi. «Astraxan» portida (erkin savdo zonasida) O‘zbekiston mahsulotlari katta hajmda erkin savdo markaziga boradi va u yerdan Rossiya va MDH davlatlariga mahsulotlarimizni tarqatishimiz mumkin. Bu orqali yo‘l xarajatlarini pasaytirishga erishamiz.
Shuningdek, Turkiya mahsulotlari uchun O‘zbekistonda, O‘zbekiston mahsulotlari uchun Istanbul shahrida savdo uyi ochiladi. Mahsulotlarimiz Turkiya va uning qo‘shni davlatlariga, shuningdek, Afrikaga tarqatiladi», – dedi u.
Muxtor Umarovga ko‘ra, 2020 yildan savdo uylarini moliyalashtirishda davlat tomonidan 50 foizgacha subsidiya berish mexanizmi ishga tushdi. Nafaqat savdo uyini tashkil etish, balki u yerdagi reklama, yo‘l xarajatlari 50 foizgacha subsidiyalanadi.
«Iqtisodiyot assambleyasi tadbirkorlarga ushbu subsidiyalarni olishda yordam beradi. To‘g‘ri, savdo uylarining xarajatlari bizga og‘irlik qilyapti. Hozircha Nyu-Yorkning Bruklin qismida savdo uyimizni ochganmiz. Afg‘onistonning Mozori-Sharif va Qobul hamda Ukrainaning Kiyev shahrida ham savdo uyi ochilmoqda», – dedi yaqinda assambleya raisi Kun.uz bilan suhbatda.
O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi 2021 yil 10 fevral kuni tashkil etilgan bo‘lib, u 12ta mahalliy ilg‘or assotsiatsiya va milliy markazlarni birlashtirgan. Assambleya nodavlat biznes sektori vakillarining manfaatlarini himoya qilishni maqsad qilgan.
Avvalroq Iqtisodiyot assambleyasi va eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov «sovet» davridan qolgan eksport rejasi, maxsus bank xizmatlarining yo‘qligi, eksport qiluvchilarga jarimalar qo‘llash amaliyoti borligi kabi muammolar eksportchi tadbirkorlarni qiynab kelayotganini ta'kidlagandi.