Sessiyada viloyat kengashi raisi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida 2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari asosida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Qayd etildiki, 2021 yilda viloyatning shahar va tumanlarida 669 ta qishloq va 78 ta mahallaning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha jami 2 trln. 333,8 mlrd. so‘mlik ishlar bajariladi.
Jumladan, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 22 ta qishloq va 4 ta mahalla tanlab olindi. Bundan tashqari, hududlarni baholash natijalariga ko‘ra, barcha tuman va shaharlar bo‘yicha 10 ta og‘ir qishloq (mahalla) aniqlandi.
Unga ko‘ra:
- 486 ta qishloq va mahallada jami 954,3 km. ichki yo‘llar ta'mirlanadi. Natijada, viloyatdagi 15 foiz ichki yo‘llarning ahvoli yaxshilanadi;
- ichimlik suvi ta'minotini va oqava suv tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha 97 ta qishloq va mahallada jami 830,9 km. tarmoq hamda 79 ta inshoot qurilib, rekonstruksiya qilinadi. Bu bilan 248 600 nafar aholi (55 200 ta oila)ning ichimlik suvi ta'minoti yaxshilanishiga erishiladi. Shuningdek, yil yakuniga qadar markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda ijtimoiy buyurtma va xususiy sheriklik loyihalari ishga tushiriladi;
- 108 ta qishloq va mahallada jami 223,6 km. irrigatsiya tarmog‘i hamda 14 ta sug‘orish qudug‘ida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. 4 ming 500 gektar maydonni sug‘orishdagi muammolar yechim topadi;
- elektr ta'minotini yaxshilash bo‘yicha jami 1126,4 km. elektr tarmog‘i tortiladi va almashtiriladi, 300 ta transformator o‘rnatiladi va almashtiriladi, 32 000 ta tayanch ustunining holati yaxshilanib, 386 ta qishloq va mahalladagi 235 ming kishilik aholiga elektr energiyasi barqaror yetkazib berish imkoniyatlari yaratiladi.
Gaz ta'minoti tizimida jami 18,4 km. gaz tarmog‘i hamda 74 ta gaz taqsimlash punktini ta'mirlash, aholiga 645 ta gaz balloni yetkazib berish orqali 77 ta qishloq va mahalla aholisining (115 400 nafar) gaz ta'minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan.