2021 yilda O‘zbekiston budjeti taqchilligi 37,5 trillion so‘m bo‘lishi prognoz qilindi

Iqtisodiyot 23:30 / 24.03.2021 9994

Moliya vazirligi e'lon qilgan «Fuqarolar uchun budjet» nashrida 2021 yilda iqtisodiyot bosqichma-bosqich tiklanishi, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 37,5 trillion so‘mni yoki YaIMga nisbatan 5,4 foizni tashkil etishi keltirilgan.

Qayd etilishicha, joriy yildan boshlab xalqaro standartlar asosida tashqi qarz hisobiga davlat dasturlarini amalga oshirish xarajatlari respublikaning konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiritilmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, budjet taqchilligini qoplash (37,5 trillion so‘m) hamda 7,8 trillion so‘m miqdoridagi davlat qarzining asosiy qismini so‘ndirish uchun 3 ta manbadan foydalaniladi.

Tashqi manba:

  • xalqaro moliya institutlarining kreditlari – 9,4 trillion so‘m;
  • yevroobligatsiyalar – 9,3 trillion so‘m;
  • davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun qarzlar – 12,1 trillion so‘m.

Ichki manba:

  • davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarish – 5 trillion so‘m.

Yil boshidagi mablag‘lar qoldig‘i:

  • O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi – 8,1 trillion so‘m;
  • Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari – 1,4 trillion so‘m.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yildan boshlab davlat qarzini (asosiy qarzni) so‘ndirish davlat budjeti xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi. Qarzdorlik asosiy summasini so‘ndirish budjet taqchilligini moliyalashtirish manbalarida aks ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 178,7 trillion so‘mni, xarajatlari esa 216,2 trillion so‘mni tashkil etishi belgilangan.

2021 yil yakunida jami davlat qarzi 28,3 milliard dollar miqdorida yoki YaIMga nisbatan 45,3 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shundan davlat tashqi qarzi prognozi qariyb 25,7 milliard dollarni tashkil etishi belgilangan.

Moliya vazirligiga ko‘ra, o‘sish dinamikasiga qaramay, davlat qarzi mo‘'tadil bo‘lib, makroiqtisodiy barqarorlikka xavfsiz darajada qolmoqda.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 23,3 mlrd dollar ekvivalentini tashkil etmoqda. Shundan 21,1 milliardi – davlat tashqi qarzi.

Ko‘proq yangiliklar: