Twitter asoschisining ilk tviti 2,9 million dollardan ko‘proqqa sotildi

Fan-texnika 01:12 / 23.03.2021 13591

Twitter ijtimoiy tarmog‘ida uning asoschisi Jyek Dorsi qoldirgan ilk tvit 2,9 mln dollardan ko‘proqqa sotildi. Avvalroq Dorsi ushbu tvitni kimoshdi savdosiga qo‘ygandi.

Kimoshdi savdosi tvitlar oldi-sotdisi uchun yaratilgan Valuables onlayn-auksionida o‘tkazilgan.   

NFT tokeni ko‘rinishidagi lot sohibi Bridge Oracle kompaniyasi direktori Xakan Estavi bo‘ldi. Estavi u uchun 2 mln 915 ming 835 dollar to‘lagan.
 
Dorsi Twitter’dagi ilk tvitni 2006 yil 21 mart kuni joylashtirgan. Unda “just setting up my twttr” (“shunchaki tvitterimni sozlayapman”) degan yozuv bo‘lgan. 

Dorsi ushbu tvitni 1 dollar boshlang‘ich narx bilan 15 dekabrda sotuvga qo‘ygan. 6 martgacha unga taklif qilingan eng yuqori summa 3500 dollarni tashkil etgandi. Dorsi o‘z sahifasida auksion havolasini joylashtirganidan so‘ng takliflar keskin ko‘paygan.

Tvitni sotib olgan Estavi avvalroq unga 2,5 mln dollar taklif qilgan, biroq savdolar oxirida narxni 400 ming dollardan qo‘proqqa oshirishga qaror qilgan.

Avvalroq Dorsi savdolardan olinadigan barcha pulni GiveDirectly jamg‘armasining pandemiya sharoitida Afrika aholisiga yordam ko‘rsatishga qaratilgan dasturiga xayriya qilishini aytgan.

Ma'lum qilinishicha, xaridor tvitning o‘zini emas, balki tvit muallifi imzosi bo‘lgan raqamli sertifikatni qo‘lga kiritadi. Tvitning o‘zi platformada qoladi. 

Raqamli sertifikatda tvit e'lon qilingan kun va vaqt, uning mazmuni va muallif kriptohamyonining raqamli imzosi bo‘ladi.

NFT tokenlari virtual mulkni sotib olish yoki uni biror kimga topshirish uchun qo‘llanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: