X ijtimoiy tarmog‘i noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodimiga 550 ming yevro kompensatsiya to‘laydi

Jahon 23:51 / 14.08.2024 4373

Irlandiya Mehnat munosabatlari komissiyasi (WRC) X ijtimoiy tarmog‘iga (sobiq Twitter) mehnat munosabatlarini buzgan holda ishdan bo‘shatilgan sobiq xodim uchun yarim million yevrodan ortiq kompensatsiya to‘lash majburiyatini qo‘ydi. Bu komissiya faoliyatida qayd etilgan rekord darajadagi jarima, deb xabar beradi Irish Independent.

Ishdan bo‘shatilgan xodim Geri Runi 2013 yildan beri Twitter’da ishlagan. 2022 yil oktyabrda milliarder Ilon Mask kompaniyani sotib olganida Runi Dublin ofisida ta’minot xizmatiga rahbarlik qilgan. Mask Twitter’ning barcha xodimlariga kompaniyaning yangi konsepsiyasi yozilgan elektron maktublarni yo‘llagan. Milliarder xabar oxiriga havola qoldirgan bo‘lib, «yangi Twitter’ning bir bo‘lagi» bo‘lishga rozi bo‘lgan xodimlar u yerdagi «ha» tugmasini bosishi kerak bo‘lgan. Qaror qabul qilish uchun 24 soat muddat berilgan.

Geri Runi «ha» tugmasini bosmagan va uch kundan keyin elektron pochta orqali kompaniya «uning o‘z xohishi bilan ishdan ketish qarorini qabul qilishi» haqida xabar olgan. Shu ondan boshlab uning Twitter tizimlaridan foydalanishi cheklangan. Runi «ishdan bo‘shash haqida ariza yozmagani» mehnat shartnomasini buzish bo‘yicha hech qanaqa bitim olmagani va uni imzolamaganini» aytib bosh ofisga murojaat qilgan. Keyin esa Mehnat munosabatlari komissiyasiga shikoyat kiritgan. Runining so‘zlariga ko‘ra, u yuborilgan maktubni feyk, spam yoki zararli dasturiy ta’minot deb o‘ylagan va uni darhol ochmagan. O‘qib ko‘rganida esa tezda qaror qabul qilishi qiyin kechgan.

WRC Geri Runi adolatsiz ravishda ishdan bo‘shatilgan deb hisobladi. Komissiya qarori bilan Twitter da’vogarga 2023 yil yanvardan 2024 mayga qadar ishlab topishi mumkin bo‘lgan 350 ming yevro, shuningdek, keyingi oylar davomida daromaddan ayrilgani uchun 200 ming yevro miqdorida kompensatsiya to‘lashi kerak. X hozircha komissiya qaroriga hech qanday izoh bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: