Prezidentning “Qurilish jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyati va javobgarligini oshirish, qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish va sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab qurilish sohasida yangi nazorat mexanizmlari joriy etiladi. Ular:
1) Qurilish sub'yektlari faoliyatini nazorat qilishda quyidagilarga ruxsat beriladi:
a) Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi moliyalashtirish manbaidan qat'iy nazar qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabar bermasdan qurilishni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini «xavfni tahlil etish» tizimi natijalari asosida moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni oldindan xabardor qilish orqali bir kunlik muddatda tekshirish o‘tkazish huquqi beriladi;
b) Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga davlat budjeti mablag‘lari hisobiga yoki davlat buyurtmasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash, shuningdek, avtomobil yo‘l qoplamasini qazish va qayta tiklash ishlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan vakolatli organni oldindan xabardor qilgan holda bir kunlik muddatda tekshirish o‘tkazish huquqi beriladi;
v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha Davlat texnik inspektorlariga qurilish obektlarida, shu jumladan, avtomobil yo‘llarida qurilish ishlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan vakolatli organni oldindan xabardor qilgan holda bir kunlik muddatda tekshirish o‘tkazish huquqi beriladi;
ushbu bandning «a», «b», «v» xatboshilarida nazarda tutilgan har nazorat tadbiri buyruq asosida amalga oshirilishi, nazorat tadbiri yakuni bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilishi va nusxasi tadbirkorlik sub'yektlariga hamda buyurtmachiga (agar mavjud bo‘lsa) taqdim etilishi, tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.
2) Qurilish obektlari sifatini quyidagi tartibda nazorat qilib borish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi:
a) ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar qurilishlarini amalga oshirishda uning har bir bosqichini nazorat qilib borish, har bir bosqichda qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng qurilish qoidalari va talablariga rioya qilinganini tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, inspeksiya qurilish ishlarining keyingi bosqichini davom ettirish bo‘yicha 3 kunlik muddatda xulosa berishi lozim. Shuningdek, qurilish obektlarining xavf-xatar toifasi bo‘yicha I, II, III toifaga mansub obektlarda loyiha tashabbuskori va/yoki buyurtmachi xohishiga ko‘ra akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilgan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Buyurtmachi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki davlat xizmatlari markazlari orqali qurilish har bir bosqichi (qavati) yakunlangan so‘ng inspeksiyaga xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma kelib tushgandan so‘ng inspeksiya uch kunlik muddatda nazorat tadbirini amalga oshirmasa va nazorat tadbiri o‘tkazilgani to‘g‘risida dalolatnoma nusxasini buyurtmachiga bermasa, buyurtmachi akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektini jalb qilgan holda qurilish obektida nazorat tadbirini amalga oshirishga haqli.
Inspeksiya xodimi uch kunlik muddatda kelmagan taqdirda buyurtmachi qurilishning keyingi barcha bosqichlari bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilgan holda nazoratni amalga oshirishiga ruxsat beriladi.
Akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektini jalb qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra loyiha tashabbuskori yoki buyurtmachi tomonidan qoplanadi.
Akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektining dalolatnomasi inspeksiya dalolatnomasiga tenglashtiriladi hamda bino-inshootlarni foydalanishga qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
Inspeksiya xodimi buyurtmachi, loyihachi va/yoki pudratchilarga obektda aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritadi.
Inspeksiya tomonidan qurilishni amalga oshirishda aniqlangan barcha kamchiliklar buyurtmachi, loyihachi va pudratchi tomonidan to‘liq bartaraf etilishi lozim.
Yozma ko‘rsatmada belgilangan talablar bajarilmagan taqdirda inspeksiya tomonidan ushbu obekt(lar)da qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib qo‘yish va demontaj ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilish huquqi beriladi. Inspeksiya mazkur turdagi da'vo arizalarni sudlarga kiritishda davlat bojidan ozod qilinadi;
b) buyurtmachi texnik nazorati, loyiha tashkilotining mualliflik nazorati, pudrat tashkilotining ichki nazoratidan hamda inspeksiya nazoratidan norozi bo‘lgan taqdirda, buyurtmachiga ushbu harakatlar bo‘yicha sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilish huquqi beriladi;
v) buyurtmachiga yoki qurilishni amalga oshirayotgan yuridik shaxsga inspeksiya xodimi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiridan norozi bo‘lganda (inspeksiya xodimi tomonidan qurilishni amalga oshirish bilan bog‘liq noto‘g‘ri talablar qo‘yilgan deb hisoblanganda), mustaqil ravishda akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektini jalb qilish va inspeksiya xodimi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarini qayta tekshirtirish huquqi beriladi.
Nazorat ishlari davomida inspeksiya xodimi tomonidan aniqlangan xato va kamchiliklar o‘rtasida tafovut/nomuvofiqliklar aniqlansa, buyurtmachi yoki qurilishni amalga oshirayotgan yuridik shaxs sudga murojaat qilish huquqiga ega.
3) Qurilish obektlarini zilzilaga bardoshliligini tekshirib borish yo‘lga qo‘yiladi:
yangi qurilgan va rekonstruksiya qilingan to‘rt qavatdan yuqori obektlarni foydalanishga qabul qilishdan oldin majburiy tartibda obekt joylashuviga qarab mikroseysmorayonlashtirish xaritasiga asosan zilzilaga bardoshligini maxsus uskunalar bilan tekshirish, ushbu talabga javob bergan taqdirda tegishli obektni foydalanishga qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi (I toifa obektlari bundan mustasno).
Obektning zilzilaga bardoshligini maxsus uskuna bilan tekshirish jarayonlari majburiy tartibda videotasvirga olinadi va inspeksiya saytiga joylashtirib boriladi.
Bino va inshootlarning zilzilaga bardoshligiga ta'sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlanganda demontaj ishlari amalga oshirilishi shart.
Obektni zilzilaga bardoshligini maxsus uskuna bilan tekshirish xarajatlari loyiha-smeta hujjatlari tarkibiga kiritilishi mumkin va buyurtmachi tomonidan to‘lanadi.
4) Qurilish obektlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini ta'minlash va raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida:
yangi qurilgan va foydalanishga topshirilganiga bir yildan oshmagan ko‘p qavatli uylar (ularning birinchi qavatini ham) sifatini hamda qurilish qoidalariga rioya qilinganini ushbu xonadon(joy)ga egalik qiluvchi yoki sotib olgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘z hisobidan akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlariga tekshirtirish huquqiga ega;
agar tekshirishda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshligiga ta'sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlanganda, pudratchi va qurilishga buyurtmachi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar bir oy muddatda ushbu kamchiliklarni to‘liq bartaraf etishi yoki uy-joy (bino)ga egalik qiluvchi xohishiga ko‘ra ushbu muddatda uy-joy (bino) uchun to‘langan pul mablag‘larini xonadon (joy) egasiga to‘liq qaytarib berishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
pudratchi va qurilishga buyurtmachi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmaganda yoki to‘langan pul mablag‘lari ushbu muddatda to‘liq miqdorda qaytarib berilmaganda, uy-joy (bino)ni sotib olgan shaxs ushbu pul mablag‘larini undirib berish yoki kamchiliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklash haqida sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilish huquqiga ega.
5) Shaffoflikni ta'minlash hamda quruvchilarning mas'uliyatini oshirish maqsadida:
a) Qurilish vazirligi inspeksiya tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida qurilish sohasida aniqlanayotgan kamchiliklarni tizimli ravishda umumlashtirib, loyihalashtirish va qurilish sohasida eng ko‘p qonunbuzilishi va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining ochiq reyestrini yuritadi.
Reyestrdagi barcha ma'lumotlar ochiq hisoblanib, Qurilish vazirligi saytiga joylashtiriladi hamda har oyda kamida bir marotaba yangilab boriladi.
Tizimli qonunbuzilish va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan, zilzilaga bardoshlikka ta'sir qiluvchi, shuningdek, ikki yoki undan ortiq obektda inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlanganda, inspeksiyaga mazkur yuridik shaxsning faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan ruxsat beruvchi hujjatini to‘xtatib turish yoki bekor qilish bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritishga ruxsat beriladi;
b) Qurilish vazirligi 2021 yil 1 mayga qadar qurilishda qo‘llaniladigan yangi texnologiyalar reyestrini shakllantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
6) Inspeksiya xodimlariga o‘z hududida inspeksiya bilan kelishmasdan amalga oshirilayotgan qurilishlarni aniqlash, noqonuniy qurilishlar oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish va har oy 5-sanasiga qadar o‘z hududida noqonuniy qurilishlar mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida Qurilish vazirligiga axborot kiritib borish majburiyati yuklatiladi.
Qurilish vazirligi ushbu ma'lumotlarni umumlashtirib, har oy 10-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritadi. Noqonuniy va sifatsiz qurilishlar oldini olish hamda bartaraf etish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiradi.
7) Bayonnomalar bilan qurilish, kapital ta'mirlash, rekonstruksiya va modernizatsiyalash bilan bog‘liq xaridlar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berish taqiqlanadi.