Yaponiyada pandemiya sababli kiritilgan favqulodda vaziyat bekor qilindi

Jahon 21:30 / 21.03.2021 3783

Biroq hukumat restoranlar va barlar ishini nazorat qilishni davom ettiradi. Favqulodda vaziyat bekor qilingungacha ushbu maskanlar soat 20da yopilgan va ularda soat 19dan spirtli ichimliklar sotilishi to‘xtatilgan. Endilikda ular soat 21gacha ishlay oladi. Fuqarolar hamon zaruratsiz uyni tark etmaslikka, xususiy biznes esa xodimlarni masofadan ishlashga o‘tkazishga chaqirilgan.

Yaponiyada favqulodda vaziyat 2,5 oy davom etdi. Bungacha u 2020 yil aprel va mayida pandemiyaning birinchi to‘lqini vaqtida kiritilgandi. Cheklovlar amal qilgan vaqtda Tokio hududida kunlik kasallanish darajasini 80 foizga pasaytirishga muvaffaq bo‘lingan. 7 yanvarda Tokio va unga tutash uchta prefekturada 4,2 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 700taga yaqinni tashkil qilmoqda.

Ayni vaqtda Yaponiyada birinchi navbatda koronavirusning yangi shtammlarini aniqlashga e'tibor qaratilmoqda. Buning uchun PsR-testlar sonini 40 foizga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hukumat Yaponiyaga kirish ortidan nazoratni yanada kuchaytirmoqchi.

Gap Yaponiyadan uchib ketish va uchib kelishda topshiriladigan PsR-testlardan tashqari, mamlakatga kelganlar 3 kun davomida maxsus karantin muassasalarida qolishlari kerakligi haqida bormoqda. Shundan keyin ular koronavirusga yana bitta test topshirishlari kerak bo‘ladi. Natija manfiy chiqsa, ularga uylariga ketishga ruxsat beriladi va ular shundan keyin yana 2 hafta karantinda qolishlari kerak bo‘ladi. 

Hozirda Yaponiyada bunday talablar 24ta davlatga, jumladan Britaniya, Vengriya, Germaniya, Fransiyaga qo‘yilmoqda. Ammo hukumat uni barcha davlatlarga qo‘llamoqchi.

Virusning britancha shtammi aniqlangani bilan bog‘liq holda Yaponiyada 2020 yil 28 dekabrdan beri barcha davlatlar fuqarolariga yangi vizalar berish taqiqlab qo‘yilgan. Ayni vaqtda Yaponiyaga faqatgina mamlakat fuqarolari va u yerda doimiy asosda yashovchi hamda uzoq muddatli vizaga ega bo‘lgan xorijliklar kira oladi. Bundan tashqari, Yaponiya mamlakatga kiruvchilar sonini kuniga 2 ming kishi bilan cheklab qo‘ygan. 

Ko‘proq yangiliklar: