2020 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i O‘zbekiston davlat budjeti daromadlarining qariyb 30,3 foizini tashkil etdi.
Moliya vazirligi hisobotida qayd etilishicha, o‘tgan yili soliq idoralari tomonidan ma'muriylashtiriladigan QQS tushumlari 20,5 trillion so‘mni tashkil qilgan yoki 2019 yilga nisbatan 13 foizga kamaygan.
Bu, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasi sababli iqtisodiy faollikning sekinlashishi va soliq stavkasining 20 foizdan 15 foizgacha pasayishi, shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan importning oshishi bilan bog‘liq, deyiladi hisobotda.
Bojxona idoralari tomonidan import tovarlarga undiriladigan QQS esa 2020 yilda 19,7 trillion so‘mni tashkil etgan yoki 2019 yilga nisbatan 47 foizga ko‘paygan. Mazkur o‘sish bojxona imtiyozlarining bekor qilingani bilan izohlanadi.
Umumiy hisobda 2020 yilda respublika budjetiga QQS tushumlari qariyb 40,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu 2019 yilga nisbatan 3,2 trillion so‘mga yoki 8,6 foizga ko‘pdir.
O‘tgan yilda QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi natijasida mamlakat ichidagi aylanma bo‘yicha imtiyozlar 15,1 trillion so‘mni tashkil etdi va bu 2019 yilga nisbatan 11,4 trillion so‘mga kamdir. Shu davrda import bo‘yicha QQS imtiyozlari 15,4 trillion so‘mga kamayib, 21,7 trillion so‘mni tashkil etdi.
2020 yilda soliqqa tortiladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan sotib olingan binolar va asosiy vositalar bo‘yicha to‘liq QQS hisobga olinishi joriy etildi. Ushbu bir martalik hisobga olish huquqining berilishi natijasida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar 1 trillion so‘mdan ortiq miqdordagi muomaladagi aktivlarni saqlab qolishdi.
O‘tgan yil davomida soliq to‘lovchilarga 9 trillion so‘mlik QQS qoplab berildi.
So‘nggi uch yil ichida qaytarilgan soliq miqdorining undirilgan QQS miqdoriga nisbati 2018 yildagi 5,4 foizdan 2019 yilda 8,7 foizgacha va 2020 yilda 22,4 foizga doimiy ravishda oshib bordi.
Davlat budjeti daromadlari 2020 yilda 132,9 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 22,5 foiz), budjetdan tashqari jamg‘armalar bilan birgalikda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 154 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 26 foiz) tashkil etdi.
2021 yilgi davlat budjeti daromadlari 147,2 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 21,3 foiz miqdorida bo‘lishi belgilangan. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trillion so‘m, xarajatlari esa 40,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan.