Katta tadbir: Isroil qanday qilib koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha jahonda yetakchiga aylandi?

Jahon 17:05 / 19.03.2021 14515

18 martga qadar Isroil uzoq vaqt mobaynida emlash bo‘yicha aholi jon boshiga ko‘rsatkichlar borasida jahonda birinchi o‘rinni bermay keldi. Bunday muvaffaqiyatga mamlakat ichi va tashqarisidan turlicha qarashmoqda: Isroilni sinov poligoni, koronavirus bilan kurashish dasturi, saylovoldi dasturi deb atashayotgan bo‘lsa, jamiyatda emlanmaganlarni diskriminatsiya qilish xavfi va ultraortodoksal aholi qatlamining emlanishdan bosh tortishi – oson kechmagani va kechmayotgani aniq.

Uch lokdaunni boshdan kechirgan va ziddiyatli qarashlarga to‘la jamiyatga ega davlat qanday qilib vaksinatsiya yetakchisiga aylana oldi?

Foto Zuma / TASS

Isroil pandemiyani juda qiyin o‘tkazdi: hukumat virusni jilovlash uchun uch marta lokdaun joriy qildi. Ilk lokdaun o‘tgan yilning martida kiritilib may oxirida olib tashlandi. Undan keyin kasallanish soni yana ko‘paya boshladi. Mamlakatni asta-sekin ikkinchi to‘lqin qamrab oldi va Isroil rivojlangan davlatlar orasida birinchilardan bo‘lib sentyabr oyida yana lokdaun e'lon qilishga majbur bo‘ldi: aholiga yashash joyidan 500 metrdan uzoqroqqa ketish taqiqlandi, maktablar, sport klublari, restoranlar va savdo markazlari yopildi. Uchinchi lokdaun esa, ommaviy emlash boshlangach joriy qilindi – dekabr oxirida. Avvaliga, lokdaun ikki haftagina davom etishi rejalangandi, biroq amalda fevral oxirlaridangina bosqichma-bosqich bekor qilina boshlandi.

Jons Hopkins universitetining 18 martda bergan ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri Isroilda koronavirus bilan shikastlanishlar soni 825 ming 420, o‘lim holatlari soni 6069ni tashkil qilgan, 797 ming 106 kishi tuzalgan.

Sinov poligoni

«Isroil rasmiylari Pfizer bilan sobitqadamlikda muzokara o‘tkazdi», deydi kompaniya bosh direktori Albert Burla. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu unga 30 marta qo‘ng‘iroq qilgani, ba'zan tunlari ham bezovta qilganini aytgan. Netanyahu doim nimanidir aniqlashtirishga urinardi: vaksinatsiyani maktablarda o‘tkazish mumkinmi yoki homiladorlar orasida o‘tkazilgan sinovlar haqida qanday ma'lumotlar bor? «Hurmatli bosh vazir, hozir yarim kechasi 3 bo‘ldi», degan Burlaga javoban mamlakat rahbari savol berishda davom etardi. Boshqa OAV raqamlar bo‘rttirilgan, qo‘ng‘iroqlar soni 17ta bo‘lgan, deb yozishadi.

Netanyahu sog‘liqni saqlash vaziri Yoel Edelshteyn bilan birga dunyodagi eng tez emlash tadbirini tashkil qilish va uning pandemiyaga ta'siri haqidagi ma'lumotlarni baham ko‘rishga va'da berishdi. Buning uchun vaksina uzluksiz va keng ko‘lamda yetkazib berilishi shart edi. Shu tariqa Isroil keng ko‘lamli vaksinatsiya o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi, Pfizer esa, millionlab qatnashchilari bilan sinov poligoniga ega bo‘ldi. «Busiz biror kompaniya biz tomonga qiyo ham boqmasdi – ular bizdan yuzlab kattaroq bozor qidirgan bo‘lishardi», deydi Netanyahu. Koronavirus bilan kurashishda tezlikni ta'minlash uchun mamlakat armiyasi yordam berdi: maxsus shtab sinov o‘tkazish, karantinni nazorat qilish va vaksinatsiya uchun javobgar bo‘ldi.

Isroil nisbatan kam aholiga (9,3 million kishi) va axboroti yuqori darajada raqamlashtirilgan sog‘liqni saqlash tizimiga ega bo‘lgani uchun ham Pfizer ‘ga mos keldi. Bloomberg ma'lumotiga ko‘ra, elektron tibbiyot kartalaridan aholining 99 foizi foydalanadi.

Isroil nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, Pfizer’ni  vaksinalarni uzluksiz yetkazib berishga undagan omillardan biri, mamlakatning preparat uchun to‘lashga rozi bo‘lgan narxidir. Mahalliy nashrlarga ko‘ra Isroil ancha balandroq narx to‘lashga rozi bo‘lgan. Yanvarda Jerusalem Post KAN telekanaliga tayanib bergan xabariga ko‘ra, Isroil har bir odamning emlanishi uchun 47 AQSh dollari atrofida haq to‘lashga rozi bo‘lgan. Bloomberg o‘z navbatida bir doza uchun 30 dollar to‘langanini va bu vaksinaning belgilangan narxidan ikki barobarga qimmatroq ekanini aytgan. Reuters esa, Yevroittifoq Pfizer vaksinasining bir dozasi uchun 18,34 dollar, demak, bir kishiga qilinadigan ikki doza uchun 36,68 dollar to‘lashga rozi bo‘lgan, deya xabar bergan.  

Saylovoldi emlash

Pfizer bilan kelishuvga erishgach, Netanyahu ushbu bitim mart oxiriga qadar 16 yoshdan katta barcha aholi uchun emlanish imkonini beradi, deb va'da qildi. 10 yanvarda bosh vazir 700000 doza olib kelgan samolyotni shaxsan o‘zi kutib oldi, 15 yanvarda esa, Pfizer boshqa davlatlarga vaksina yetkazib berish qisqarishini ma'lum qildi: kompaniya ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun Belgiyadagi zavodini modernizatsiya qilmoqchi edi. Pfizer Isroil bilan kelishuv boshqa davlatlarga yetkazib beriladigan taqsimotga ta'sir qilmaganini ma'lum qildi. Biroq Yevroittifoq davlatlari vaksina yetkazib berishdagi uzilishlar fonida sud da'volari va ishlab chiqaruvchilar uchun cheklov choralari haqida o‘ylab qoldi. Isroildan farqli o‘laroq, Yevroittifoq emlash kampaniyasini samarali tashkillashtira olmadi.

Isroil vaksinatsiya dasturini 20 dekabrda boshladi. «Birinchi navbatda vaksinani mamlakatning 60 yoshdan katta va boshqa kasalliklari bor aholisiga qilish boshlandi», deya so‘zlagan Koronavirusga qarshi kurashish milliy dasturi koordinatori Naxman Ash The Wall Street Journal’ga bergan intervyusida. Bu guruhlardan keyin maktabga qayta olishi uchun 16-18 yoshli bolalar emlandi. 16 yoshdan kichiklar vaksinatsiyaga qo‘yilmadi. Chunki Isroil amal qilayotgan AQSh regulyatori Pfizer’ning vaksinasini bu yosh guruhiga tavsiya qilmagan.

Yanvar oxiriga kelib, Isroilning 2,6 million aholisi vaksinaning birinchi dozasi, 1,1 millioni esa ikkinchi dozani olib bo‘lgan edi. Keyinchalik barchada emlanish imkoni bo‘ldi. Ashning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat jamoaviy immunitetga ega bo‘lish sari odimlayapti – buning uchun aholining 80 foizi emlanishi zarur.

17 mart holatiga ko‘ra, Isroilning 47,39 foiz aholisi ikkita dozada emlangan, 55,41 foizi esa bir doza olgan. 12 martga kelib, 50 yoshdan kattalarning 86 foizi to‘liq emlangan, deb yozadi WSJ. Agar umumiy hisobdan emlash mumkin bo‘lmagan qatlam – bolalar va 738000 nafar qayta kasallanganlarni chiqarib tashlasak, 16 yoshdan katta aholining emlanganlar foizi 80 dan oshib ketadi, deb yozadi gazeta Ashning matbuot xizmatiga tayanib. Bloomberg trekerining ma'lumotiga ko‘ra, 100 kishiga 105 dozadan ko‘proq ko‘rsatkich to‘g‘ri keladi. Solishtirish uchun bu ko‘rsatkich Rossiyada 5,8, Germaniyada 11,8, Buyuk Britaniyada 40 ni tashkil qiladi.

Vaksina diplomatiyasi

Yanvarda sog‘liqni saqlash vaziri Isroil ortiqcha vaksinalarni nima qilmoqchi ekani hali aniq emasligini aytgandi. «Biz o‘zimizga yetarli preparat borligiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Agar yetarli bo‘lsa, yaqin qo‘shnilarimizga nima qilib bera olishimiz haqida o‘ylab ko‘ramiz – falastinliklarning yomon ahvolda ekani, Isroilning muammosi emas», deb aytgan vazir. Biroq fevralda Netanyahu foydalanilmagan Moderna preparatlaridan «vaksina diplomatiyasi» uchun qo‘llashni va 19 ta davlatga jo‘natilishi mumkinligini aytgan: «Fikrimcha, bu obro‘yimizni mustahkamlashga xizmat qiladi».

Honduras va Chexiya hukumatlari Isroildan vaksina olishlari aytilganda, Falastin tashqi ishlar vaziri Riyoz al-Maliki Netanyahuning xatti-harakatlarini «siyosiy shantaj va axloqqa zid ish» deb atagan va Isroilni bosib olingan hudud oldidagi burchlarini pisand qilmaslikda ayblagan. Isroil ham o‘z navbatida G‘azo sektori va Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi o‘zi-o‘zini boshqarish joriy qilingan ayrim hududlarga Falastin javobgar ekanini aytgan.

Oqibatda Falastin 32000 dozadagi vaksina bilan vaksinatsiya dasturini yo‘lga qo‘ydi va COVAX global dasturi orqali vaksina olishni kutishdan boshqa chorasi qolmadi. Keyinroq Falastinga boshqa davlatlar yordam berishga kirishishdi, 8 mart kuni esa Isroil TIV falastinlik ishchilarni emlashni boshlagani va bu ikki hafta davom etishini ma'lum qildi.

Vaksinatsiya kampaniyasining muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilishi fonida Isroil dekabrda joriy qilingan cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qila boshladi: 7 martdan boshlab hukumat karantindan chiqishning 3-bosqichini e'lon qildi. 16 martdan boshlab esa, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aviaqatnovlar tiklanishiga ruxsat berildi.

Shoakmal Isroilov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: