Farrux Qoraboyev: Pandemiyadan keyin havo yo‘llari sohasida yangi ishtirokchilar paydo bo‘ladi

Iqtisodiyot 18:27 / 19.03.2021 7716

 

Bugun, 19 mart kuni AOKAda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Jurnalistlar tomonidan «Uzbekistan Airways» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ kabi monopoliya tashkilotlarining faoliyati nima sababdan haligacha o‘zgarmayotgani haqida berilgan savollarga qo‘mita mutasaddilari izoh berib o‘tishdi.

«Agar qaysidir tashkilot havo yo‘llari faoliyati bilan shug‘ullanishni xohlasa, ularga qonunchilikda hech qanday to‘sqinlik ko‘zda tutilmagan. Tegishli litsenziya tartibi bo‘yicha yangi kompaniyalar bu sohada faoliyat ko‘rsatishi mumkin», — dedi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyevning ta'kidlashicha, Raqobatni rivojlantirish strategiyasida havo yo‘llari sohasiga alohida e'tibor berilgan.

«Birinchi navbatda sohani tartibga soluvchi davlat organi tashkil etildi. Bundan tashqari, aeroportlar alohida sub'yekt sifatida o‘zining parvozlar xaritasini shakllantirishi, mahalliy va chet el kompaniyalarini jalb qilishi uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasi» ikkiga bo‘lindi. Hozirda 11ta aeroportdan 9tasida ochiq osmon rejimi joriy qilingan. Pandemiyadan keyin bu sohada yangi ishtirokchilar paydo bo‘ladi», — dedi Farrux Qoraboyev.

Shuningdek, qo‘mita raisining boshqa bir o‘rinbosari Bekzod Ummatovning ma'lum qilishicha, o‘tgan davr mobaynida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga nisbatan 3 marta tegishli ko‘rsatma berilgan. Xususan, korxonalardan olingan asossiz daromadlar va 2,5 mingdan ortiq yo‘lovchilarga sotilgan chipta narxlarining asossiz oshirilgan qismi qaytarib berilgan, shuningdek, elektron chipta xarid qilish uchun komissiya foizlari kamaytirilgan. 

«Temir yo‘llar bizda tabiiy monopoliya hisoblanadi. Tabiiy monopoliya hisoblangan sohalar iqtisodiy asoslangan bo‘lishi kerak. Tarixan sharoit mahsulotlarni temir yo‘lda tashishni majbur qilgan. Shu sabab bu jarayonning borishi birdaniga amalga oshmayapti», — dedi Bekzod Ummatov.

Ko‘proq yangiliklar: