Xitoyning Pinduoduo onlayn-riteyleri foydalanuvchilari soni bo‘yicha Alibaba internet-gigantini ortda qoldirib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Xitoyda 1-o‘ringa chiqib oldi.
Pinduoduo’ning 2020 yil uchun taqdim qilgan moliyaviy hisobotida ko‘rsatilishicha, riteylerning faol foydalanuvchilari soni 788,4 mln nafarga yetgan. Alibaba’da esa bu ko‘rsatkich 779 mln foydalanuvchini tashkil qilmoqda.
Kompaniya tushumi bir yil ichida 97 foizga o‘sib, 59,5 mlrd yuanga (9,1 mlrd dollar) yetgan. Sof zarari 2019 yilga nisbatan 10,5 foizga ortib, 9,4 mlrd yuanni (1,4 mlrd dollar) tashkil qilgan. Shu bilan birga, Pinduoduo aksiyalari narxi 17 martdagi savdolar vaqtida 7 foizga tushib ketgan va bu birinchi navbatda kompaniya direktorlar kengashi raisi lavozimidan uning asoschisi Kolin Xuan ketishi e'lon qilingani bilan bog‘langan. Xuan o‘z lavozimini tark etishi Xitoy hukumati mahalliy texnologik tarmoqqa bosimni kuchaytirayotgan vaqtda yuz bermoqda. Ayniqsa bu bosimga hammadan ko‘proq Alibaba to‘qnash keldi. Mart boshida Xitoy mutasaddi organlari Pinduoduo’ni Xitoyning boshqa riteylerlari qatori antimonopol qoidalarni buzganlik uchun jarimaga tortgan.
Pinduoduo’ning Xuan tomonidan 2015 yilda asos solingan biznes-modeli raqobatchilari – Alibaba va JD.com’nikidan farq qiladi. Unda foydalanuvchilar xaridlar amalga oshirishi hamda dasturdagi onlayn-o‘yinlar bosqichlarini o‘tish orqali ham chegirmalar olishi mumkin.
Dastlab onlayn-riteyler meva va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishga ixtisoslashgan bo‘lgan. Biroq keyinroq boshqa onlayn-riteylerlar kabi keng turdagi tovarlarni – kundalik ehtiyojdagi oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlaridan tortib texnika va mebelgacha sota boshlagan.
Pinduoduo’ning asosiy aksiyadorlaridan biri Xitoyning Tencent internet-korporatsiyasi hisoblanadi.