Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bo‘sh turgan mablag‘larni «yostiq ostida» saqlamay, ishlab chiqarishga yo‘nalishtirish muhimligini aytgandi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida bu masala dolzarbligini ta'kidlab, aholida 10 mlrd dollarga yaqin mablag‘ borligini qayd etgandi.
«Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi, bizning aholimizda ham mablag‘ bor. Agar shu mablag‘larni ishlab chiqarishga yo‘naltirsak, gapning ochig‘i, bizga xorijiy investitsiyalar ham bugungichalik dolzarb bo‘lmaydi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholida 10 milliard dollarga yaqin mablag‘ bor. Lekin u pullar ishlab chiqarish emas, uy-joy, to‘yxonalarga sarflanadi yoki xalq iborasi bilan aytganda, «yostiq tagida yotgan mablag‘lar». Vaholanki, bu pul ishlashi kerak», – degandi Sodiq Safoyev.
Bu fikr ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Senator Kun.uz muxbiriga bergan navbatdagi intervyusida bunga munosabat bildirdi.
«Ko‘p odamlar maqolaning o‘zini emas, sarlavhasini o‘qidi. Tushunaman, jurnalistlar sarlavha orqali e'tiborni jalb etishga harakat qiladi. Fikr bildirayotgan bir qancha mushtariylar bilan gaplashib, maqolaning o‘zini o‘qidinglarmi desam, «Yo‘q, faqat sarlavhasini o‘qidik», deyishdi.
O‘tgan galgi suhbatimizda kichik biznes, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish haqida gap ketgan edi. Ayonki, tadbirkorlarni qiynayotgan asosiy masala – mablag‘ yo‘qligi. Mablag‘ yo‘q bo‘lganda ikkita yechim bor. Birinchisi, bankdan kredit olish. Lekin ko‘rib turibmizki, O‘zbekistonda bu unchalik rivojlangan yo‘nalish emas. Ikkinchisi, kapital bozorini rivojlantirish. Biz buning boshlang‘ich bosqichidamiz.
Aytilgan raqamni (10 milliard dollar – tahr.) men o‘zim to‘qib chiqqan emasman. Bu – ham xalqaro, ham ichki mutaxassislarimiz bergan raqam. Umumiy agregat, ya'ni butun jamiyatimizdagi taxmin qilingan mablag‘lar. Buni aniqlashda mutaxassislarimizning o‘z usullari bor. Biz, albatta, bu mablag‘lar 2-3 baravar ko‘p bo‘lishini xohlaymiz. Buning yo‘li esa kapital bozorini rivojlantirish. Bu haqda o‘tgan gal ham gapirgan edim.
Ommaviy axborot vositalari jozibali sarlavhalar bilan e'tiborni jalb qilish bilan birga, aholining iqtisodiy-huquqiy bilimlarini kengaytirishga ham ulush qo‘shishsa, nihoyatda yaxshi bo‘lardi. Sizlar orqali biz aholimizga bo‘layotgan jarayonlar, shu jumladan kapital bozorini rivojlantirishga bo‘lgan intilishimizni ko‘rsata bilishimiz kerak.
Kapital bozorini rivojlantirish orqali har bir fuqaroni bizdagi bor korxonalar, kichik va katta biznes egasiga aylantirishga imkoniyatimiz bo‘ladi. Boy mamlakatlarda ko‘p mablag‘lar iste'mol uchun emas, bevosita ishlab chiqarishga sarflanadi. Biz afsuski, hozir boy mamlakatlar safiga kirmaymiz. Bu jarayonlarni endi boshlayapmiz. Shuning asosiy usullaridan biri – kapital bozorini rivojlantirish orqali pulni kapitalga aylantirish va kapital yordamida xalqni boyitish hamda ishlab chiqarishni rivojlantirishga o‘z ulushini qo‘shishga erishishdan iborat», – dedi Sodiq Safoyev.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YaIMga nisbatan 1 foizga teng. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 30–60 foiz, rivojlangan davlatlarda esa 100 foiz va undan ham ortiqni tashkil etadi.
2019 yilda kapital bozorini rivojlantirishning 5 yillik strategiyasi loyihasi e'lon qilingan, shu munosabat bilan Toshkentda xalqaro konferensiya ham tashkil etilgan edi. Strategiya hozirga qadar tasdiqlanmay kelmoqda.
Ikki yil oldin, shuningdek, MChJlarga obligatsiya chiqarish huquqini berish haqida qonun loyihasi tayyorlangan edi. Loyiha qabul qilinganicha yo‘q.